Jizzax viloyat hokimligida soliq qonunchiligidagi yangilik va o‘zgarishlarni tadbirkorlarga o‘z vaqtida yetkazishga qaratilgan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan 2022 yilda soliq qonunchiligidagi barcha yangilik va o‘zgarishlar borasida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, tizimda soliq ma’murchiligi samarasini oshirish, biznes-jarayonlarni yanada avtomatlashtish borasida manzilli ishlar olib borilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida soliq majburiyatlarni ixtiyoriy ravishda bajarish darajasini oshirib, halol tadbirkorlar sonini oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Viloyatda qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilari soni 2017 yilda 1 ming 150 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning shu davriga kelib, ularning soni 5,5 barobardan ziyodroqqa o‘sib, 6 ming 122 nafarni tashkil etayotir.
Mamlakatimizda biznes-jarayonning avtomatlashtirilishi “xufiyona iqtisodiyot”ning oldini olishda muhim o‘rin tutishi ham ta’kidlandi.
– Mazkur yo‘nalishdagi hujjatlar intizomli soliq to‘lovchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatladi, inson omilining ta’sirini cheklash orqali qo‘shilgan qiymat solig‘ini boshqarish tizimini takomillashtirdi va shu bilan birga barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratib berdi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Diyor Millayev.

Yangi tartibga ko‘ra, o‘tgan yil 22 dekabrdan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishda soliq to‘lovchilarning soliq xavfi darajasi o‘rganilmoqda. Maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizalar 7 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Arizani ko‘rib chiqishning birinchi bosqichida soliq to‘lovchilarning soliq xavfi avtomatlashtirilgan tizim orqali o‘rganiladi va natijalarga ko‘ra ular soliq xavfining yuqori, o‘rta yoki past darajalari bo‘yicha toifalarga ajratiladi.
Shuningdek, tadbirkorlarning aktivlarini hisobga olishning yangi mexanizmi – “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bo‘lib, ushbu tizim soliq organlariga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslar hisobini yuritish, tahlil qilish, ularning harakatini masofadan hisobga olish, har bir ombor kesimida kirim-chiqim qilingan yoki qoldiq tovarlar ro‘yxatini shakllantirish imkonini beradi. QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar joriy yilning yanvaridan “E-aktiv” axborot tizimidan foydalanishi majburiy hisoblanadi.
Uchinchi tizim esa ijara munosabatlarining yangi tizimi – “Ye-ijara” bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish uchun “Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish” – “E-ijara” elektron xizmati yaratilib, “ijara.soliq.uz” internet manzilida sinovdan o‘tkazilmoqda. Ko‘chmas mulk ijara shartnomalari majburiy ravishda soliq organlarida elektron shaklda hisobga qo‘yish amaliyoti 2022 yil 1 yanvaridan joriy etildi.
Shuningdek, seminarda elektron hisobvaraq-faktura (EHF) hamda mahsulot va xizmatlarning identifikatsion kodi (MXIK) tizimidagi yangiliklar haqida ham ma’lumot berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA