Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq qonunchiligidagi o‘zgartishlar tushuntirildi
18:56 / 2024-01-18

Buxoro viloyati soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi mas’ullari ishtirokida soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq qonunchiligidagi o‘zgartishlar yuzasidan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 28 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni bilan soliq kodeksiga kiritilgan qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar axborot stendlari, taqdimotlar va tarqatma materiallari orqali batafsil tushuntirib berildi.

[gallery-15532]

–Xususan, endilikda soliq hisobotini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni saqlash muddati besh yildan uch yilga qisqartirildi, –deydi soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i E.Gadoyev. – Shuningdek, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatlari soliq davri tugaganidan keyin besh yildan uch yilga qisqartirildi hamda soliq kodeksining transfert narxini belgilashda soliq nazorati to‘g‘risidagi 194-moddasida tekshirish o‘tkazish muddati tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan yildan avvalgi “besh” kalendar yildan “uch” kalendar yiliga qisqartirildi. Bundan tashqari, soliq kodeksining 217-moddasidagi javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi agar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran yoki mazkur huquqbuzarlik sodir etilgan soliq davri tugaganidan keyingi kundan e’tiboran va javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan paytga qadar uch yil (o‘tish muddati) o‘tgan bo‘lsa, shaxs soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.

Ko‘rgazmali seminarda soliq to‘lovchilar tomonidan 30 dan ortiq savollar o‘rtaga tashlandi. Soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmasi mutaxassislari barcha savollarga batafsil javoblar berdilar.

Seminar doirasida Soliq qo‘mitasi va viloyat soliq boshqarmasi mas’ullari tomonidan “Soliqchi– tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarga ham e’tibor qaratilib, ularni hal etish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari