Xorazm viloyati soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar hamda 2026 yil 1 yanvardan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlari hamda keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Sa’dullayev ishtirok etib, Soliq kodeksi hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan muhim o‘zgartirishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
– 2026 yil 1 yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yangiliklar ya’ni O‘zbekistonda yagona raqamli ekotizim, soliqlarni avtomatik hisoblash hamda shaffof hisob-kitoblar asosida yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yangi huquqiy rejim joriy etilmoqda. Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, soliqlar, to‘lovlar va cheklar – barchasi yagona raqamli makonda amalga oshiriladi, – dedi Xorazm viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ravshanbek Boboyazov.
[gallery-27042]
2026 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslarga soliq hisobotlarini taqdim etishda ham katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Yer, mulk, qo‘shilgan qiymat, aylanmadan olinadigan daromad va ijtimoiy soliq bo‘yicha har bir hisobot soliq organlari tomonidan hisobotni taqdim qilish muddatiga 5 kun qolganda shaxsiy kabinetida shakllantirib berilishi va mazkur yangi tartib bo‘yicha soliq to‘lovchilar hisobotlarni 5 kungacha o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi. Agar shu muddatda o‘zgartirish kiritilmasa, bu soliq to‘lovchining hisobotga roziligini bildiradi.
Shuningdek, 2026 yil uchun amal qiladigan soliq stavkalari, tadbirkorlik sub’ektlari uchun belgilangan soliq imtiyozlari, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berilib, ular faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan muammo va takliflari tinglandi hamda tegishli tavsiyalar bildirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (Surat),
O‘zA muxbirlari