Andijonda “Ommaviy axborot vositalarining soliq yuki” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat soliq boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan seminarda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari rahbarlari, hisobchilar, soliq boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etdi.
– Seminarni o‘tkazishdan maqsad, ommaviy axborot vositalari rahbarlari, hisobchilarining soliq qonunchiligiga oid bilim va tushunchalarini boyitish, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpuraxon Artiqova. – Umuman, ularning soliq qonunchiligi borasidagi yangiliklardan xabardorligini oshirishga qaratilgan.
Seminar avvalida soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining soliq kodeksi, shuningdek, qo‘shimcha qiymat solig‘i, mazkur soliqni to‘lash tartiblari haqida ma’lumot va tushunchalar berildi.
[gallery-18208]
Xo‘jaobod tumani “Haqiqat” gazetasi muharriri Tolibjon Shermatov davlat muassasasiga aylantirilgan tahririyatlarda qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lash bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganligini ta’kidlab, ushbu muammoning qonuniy yechimi qanday bo‘lishi kerakligi masalasini ko‘tardi.
Andijon viloyati soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Sultonov tahririyatlarning mulkchilik shaklini hisobga olgan holda qo‘shimcha qiymat solig‘ini hisoblash, to‘lash tartiblari haqida tushuncha va ma’lumotlar berdi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan soliq qonunchiligiga oid berilgan savollarga mutasaddi hamda mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari