Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq qo‘mitasi shubhali faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ro‘yxatini e’lon qildi
18:18 / 2025-10-13

Soliq qo‘mitasi norasmiy iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 7 ming 522 ta tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxatini e’lon qildi.

Soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur ro‘yxat tadbirkorlarga o‘z kontragentlarining ishonchliligini tekshirish imkonini beradi. U muntazam ravishda yangilanib boriladi va Soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yilning o‘zida 902 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida shubhali holatlar va naqdlashtirish amaliyotlari aniqlangan. Bu holatlar davlat byudjetining barqarorligi hamda qonuniy biznes muhitining rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarga kontragentlar bilan hamkorlik qilishda ehtiyotkorlikni kuchaytirishni tavsiya etmoqda.

Soliq kodeksiga muvofiq, agar kontragent norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritgan deb topilsa, soliq organlari ayrim operatsiyalarni inobatga olmaslik yoki soliq majburiyatlarini qayta hisoblashga haqlidir. Bunday holatlarda hamkorlikni davom ettirish soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida baholanishi mumkin.

Soliq qo‘mitasi ishonchli biznes muhitini yaratish va korrupsiya hamda “soyali iqtisodiyot”ga qarshi kurashish doirasida tadbirkorlarni qonun doirasida faoliyat yuritishga chaqirdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA