Soliq qo‘mitasi Raisi Sh.Kudbiyev Buxoro viloyatida issiqxona xo‘jaliklari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan uchrashdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro va Xorazm viloyatlarida issiqxona xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 200 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti vakillari qatnashdi.
Dastlab, Buxoro tumanidagi gidroponika usulida barpo etilgan issiqxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. “Buxoro Varnet” klasteri va uning jahon standartlariga javob beradigan laboratoriyasida o‘simliklar parvarishi va samarali urug‘ tanlash va yetishtirish ishlari o‘rganildi.

Ushbu korxonada 93 gektar maydonda qurilgan zamonaviy issiqxona to‘liq quvvat bilan ishlaydi. Unda 200 nafarga yaqin aholining bandligi ta’minlangan. Qo‘mita Raisi soha mutaxassislar bilan muloqotda bugungi kunda biotexnologik jarayonlarni zamonaviy laboratoriyalarsiz tasavvur etish mushkulligiga e’tibor qaratib, mazkur korxonaning barqaror faoliyat yuritishida asosan bilimli agronomlarning jalb etilgani va o‘simliklar parvarishiga ilmiy yondashuvning yo‘lga qo‘yilganiga yuqori baho berdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda 2,6 mingdan ortiq issiqxonaning jami 449,7 milliard so‘mlik soliq to‘lovlari muddati 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirilgani ta’kidlab o‘tildi. Bugungi kunda Buxoro viloyatida jami 752 ta tadbirkorlik sub’ekti issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanadi. Shundan 312 tasi QQS to‘lovchi tadbirkorlik sub’ekti hisoblanadi.
Joriy yilning 5 avgust holatiga viloyatdagi 473 ta sub’ektning soliq to‘lovlari muddati 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Muloqotlarda kredit olish, tabiiy gaz, elektr va suv masalalari bilan bog‘liq 30 dan ortiq muammo va takliflar ham muhokama qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.