Ma’lumki, soliqlar davlat byudjeti barqarorligining asosiy manbai hisoblanadi. Biroq oxirgi rasmiy ma’lumotlar O‘zbekistonda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlik xavotirli darajaga yetib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qiishicha, 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tashkilotlar xodimlarining mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi jiddiy darajaga yetdi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 124 521 ta tashkilotda ishlovchi 457 609 nafar xodimning jami 520 213 ta soliq ob’ekti bo‘yicha 462,5 mlrd. so‘m miqdorida to‘lanmagan soliq qarzi mavjud.
Bu ko‘rsatkich nafaqat soliq intizomi, balki aholi daromadlari, mulk egaligi va soliq ma’muriyatchiligidagi muammolarni ham ochib bermoqda. Jami qarzning katta qismi 295,7 mlrd. so‘m yer solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 166,8 mlrd. so‘m esa mol-mulk solig‘i hisoblanadi. Bu holat ko‘plab fuqarolar tomonidan yer uchastkalari va ko‘chmas mulk ob’ektlari rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha soliq to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, bunga bir necha omillar sabab bo‘lmoqda.
Xususan, soliq hisob-kitoblarining avtomatik emasligi, fuqarolarning soliq majburiyatlari haqida yetarli xabardor emasligi, ayrim hollarda to‘lov qobiliyatining pasayishi sabab bo‘lmoqda.
Qarzdorlikning asosiy qismi — 346 mlrd. so‘m — tijorat tashkilotlari xodimlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi, 97,7 mlrd. so‘m byudjet tashkilotlari xodimlari, 18,8 mlrd. so‘m — nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, hatto barqaror ish haqiga ega bo‘lgan byudjet sohasi xodimlari orasida ham mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud.
Tijorat tashkilotlari ichida qarzdorlik eng ko‘p quyidagi sohalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi — 86,2 mlrd. so‘m, sanoat — 71,4 mlrd. so‘m, qurilish — 58 mlrd. so‘m, savdo — 53,9 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida qarzdorlik yuqori bo‘lishi yer uchastkalari sonining ko‘pligi, daromadlar mavsumiyligi va soliq to‘lovlarining kechiktirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Savdo va qurilish sohalarida esa ishchi kuchi ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, soliq intizomining yetarli darajada ta’minlanmayotgani ko‘zga tashlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlari eng ko‘p soliq to‘lashi lozim bo‘lgan tashkilotlar “Temiryo‘llarinfratuzilma” AJ — 2,1 mlrd. so‘m, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ — 1,9 mlrd. so‘m, “Hududgazta’minot” AJ — 1,8 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.
Bu kabi yirik davlat ulushiga ega korxonalarda ham xodimlarning shaxsiy mulki bo‘yicha soliq qarzlari mavjudligi soliq tizimida profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, mavjud qarzdorlikni qisqartirish uchun mol-mulk va yer solig‘ini to‘liq raqamlashtirish, xodimlarni soliq qarzi haqida ish joyi orqali avtomatik xabardor qilish, soliqni ish haqidan ixtiyoriy va bosqichma-bosqich undirish mexanizmlarini joriy etish, aholi o‘rtasida soliq madaniyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, 462,5 mlrd. so‘mlik soliq qarzi bu faqat raqam emas. Bu davlat byudjeti imkoniyatlari, mahalliy infratuzilma rivoji va ijtimoiy dasturlar moliyalashuviga bevosita ta’sir qiluvchi omildir. Shu bois, mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlikni kamaytirish nafaqat soliq organlari, balki ish beruvchilar va fuqarolarning ham umumiy mas’uliyati hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA