Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq qo‘mitasi ishchi guruhi Namanganni “fuqarobay” shaklda o‘rganmoqda
09:42 / 2021-02-14

bugungi kunda hududlardagi ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi orqali turmush farovonligiga erishish uchun sektorlar tomonidan “Temir daftar” shakllantirilgan. Yil boshidan bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Ayni paytda Namangan viloyatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi ishchi guruhi Yangiqo‘rg‘on tumani 4-sektorida mahallabay ishlash tizimi bilan yaqindan tanishdi.

Ishchi guruhning aholi bilan bo‘lgan ochiq muloqotlarida fuqarolar tomonidan bandlik, kredit olish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun amaliy yordam ko‘rsatish, yer ajratish kabi dolzarb masalalar o‘rtaga tashlandi.

Madaniyat mahallasida istiqomat qiluvchi Sayyora Qirg‘izovaning sa’y-harakatlari ko‘pchilikka o‘rnak. Besh yil Rossiyada ishlab, musofirchilikning qiyinchiliklarini boshidan kechirgan ayol o‘z uyiga qaytgach, 10 bosh mol, yuzta tovuq bilan oilaviy tadbirkorlikni boshladi. Sayyoraning yana 10 bosh qoramol bilan chorvachilik xo‘jaligi tashkil etish haqidagi murojaati ishchi guruh tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, “Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarda “fuqarobay” asosida olib borilgan o‘rganishlar davomida shu hududlik Islomjon Umarovning o‘z uyida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish haqidagi istagi tinglanib, mazkur masalaga shu joyning o‘zida yechim topildi.

Viloyatning olis tumanlaridan biri Yangiqo‘rg‘ondagi aholi muammolarini o‘rganish bilan birga obodonlashtirish ishlariga ham bosh-qosh bo‘linmoqda. Hozirgi kunda tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i mas’ul bo‘lgan to‘rtinchi sektor tashabbusi bilan G‘alaba mahallasidagi “Navbahor” ko‘chasining bir kilometrlik yo‘li tekislanib, shag‘allash ishlari yakunlanayotir.

Albatta, davlat idoralari rahbarlarini bu kabi aholi muammolarini o‘rganish va ularni o‘z joyida hal etish, fuqarolarda ishonch va mehnatga bo‘lgan kayfiyatini oshirish sektor rahbarlari oldidagi ustuvor vazifalardan. Muhimi, soliq organlariga biriktirilgan to‘rtinchi sektor mutasaddilari ham o‘zlariga berilgan ishonchni oqlash uchun doimo harakatda bo‘lishmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA