Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq qo‘mitasi: Ish faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga hayfsan berildi
16:26 / 2024-02-01

Soliq qo‘mitasining navbatdagi kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda 2023 yil yakunlari va 2024 yilning dastlabki oyi natijadorligi tanqidiy muhokama etilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Qayd etilganidek, mahallabay ishlash yangi institutining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish hisobiga mahalliy soliqlar bazasini kengaytirish, iste’mol bozori va iqtisodiyotning o‘sishiga mos ravishda tushumlarni ta’minlash, yashirin ish o‘rinlari va ish haqini legallashtirish, soliqdan qochish sxemalarining oldini olishga e’tibor qaratilmoqda. 

Xodimlarning ish samaradorligi (KPI) va malakasini oshirish, kadrlarni tanlash hamda tizimda ijro intizomini yanada mustahkamlash masalalari jiddiy tanqid qilindi. Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosarlari, hududiy boshqarma va tuman (shahar) rahbarlarining hisobotlari eshitildi. 

Zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarini yetarli darajada bajarmagan, ish faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga intizomiy choralar qo‘llanildi. Xususan, Izboskan tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i M.Mirzayev, Asaka tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Qodirov, Sharof Rashidov tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i E.Erkabayev, Do‘stlik tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i M.Tursunmuratov, Oqdaryo tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i O.Ilyasov, Jomboy tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i B.Baratovlarga hayfsan berildi. 

2024 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilda soliq organlarining ustuvor vazifalari belgilab berilgani va ularning so‘zsiz ijrosini ta’minlashga qaratilgan “yo‘l xaritasi” loyihasi muhokama etildi. 

Bunda soliq bazasini kamida 20-30 foizga oshirish orqali belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar va qo‘shimcha daromadlarni jalb etish hisobiga soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash, mahallabay ishlash tizimini kengaytirish va davlat ulushi yuqori soliq to‘lovchilar bilan “korxonabay” ishlash hamda to‘lov intizomini mustahkamlash nazarda tutilgan. 

Shuningdek, tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish, ularning ishonchini qozonish, sohani raqamlashtirishni izchil davom ettirish, soliq majburiyatini ixtiyoriy bajarishni rag‘batlantirish, tekshirish samaradorligini oshirish, xodimlarning dunyoqarashi, malakasi, Vatanga va xizmat burchiga sadoqati hamda shaxsiy mas’uliyatini oshirish kabi qo‘shimcha vazifalar belgilab olindi. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA