Yurtimizda aholining turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni kamaytirish va fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonlarda soliq organlari ham faol ishtirok etib, muayyan choralarni ko‘rib kelmoqda. Xususan, shu yilning birinchi yarim yilligida soliq organlari tomonidan 7 ming 820 ta ehtiyojmand oila “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 3,67 milliard so‘mlik yordam bilan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar tomonidan kelib tushgan murojaatlarning 60,1 foiziga amaliy yordam ko‘rsatilgan. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 8 ming 896 nafar yoshlarga 25,8 milliard so‘mlik yordam berilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi. Unda Soliq qo‘mitasining “2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston bo‘ylab soliq organlari tomonidan aholining turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni kamaytirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida”gi ma’lumoti ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida soliq tizimi rahbarlariga 2 ming 639 ta kambag‘al oila biriktirilgan. Hisobot davrida ularning muammolari aniqlanib, 98,3 foizi hal etilgan. Jumladan, 953 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan. Ta’lim va tibbiy xizmatdan foydalanish, uy-joy sharoitini yaxshilash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar ko‘rilgan. Shuningdek, 2 ming 789 ta xonadonga moddiy yordamlar yetkazilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar Soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdilar. Yakunda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini o‘rnatish lozimligi aytib o‘tildi.
M.Komilova,
O‘zA