Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq nizolari sudga yetmasdan hal etilmoqda
17:11 / 2026-01-21

O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlar va soliq to‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida soliq nizolarini sudgacha hal qilish instituti faol qo‘llanilmoqda. Bu amaliyot soliq to‘lovchilar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni tejash, davlat organlari bilan munosabatlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatiga sudgacha tartibda ko‘rib chiqish uchun jami 232 ta soliq nizosiga oid shikoyat kelib tushgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 1 trln. 837,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Kelib tushgan shikoyatlarning asosiy qismi soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Soliq auditi bo‘yicha 172 ta shikoyat, umumiy qiymati 1 trln. 628 mlrd. so‘m, sayyor soliq tekshiruvlari bo‘yicha 60 ta shikoyat, umumiy qiymati 209,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Bu ko‘rsatkichlar soliq auditi jarayonlari tadbirkorlar uchun eng ko‘p bahsli masalalarni keltirib chiqarayotganini ko‘rsatadi.  

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonida quyidagi natijalar qayd etilgan. 8 ta shikoyat bo‘yicha, jami 34,8 mlrd. so‘m miqdorida soliq to‘lovchilarning pozitsiyasi qanoatlantirilgan. 212 ta shikoyat ( 1 trln. 725,7 mlrd. so‘m ) bo‘yicha soliq xizmati organlari qarorlari o‘z kuchida qoldirilgan hamda soliq to‘lovchilarga belgilangan tartibda huquqiy tushuntirishlar berilgan. 12 ta shikoyat ( 76,6 mlrd. so‘m ) bo‘yicha hozirda o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, soliq nizolarini sudgacha hal qilish mexanizmi soliq ma’muriyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bir tomondan, ushbu tizim soliq to‘lovchilarga o‘z pozitsiyasini sudga murojaat qilmasdan turib himoya qilish imkonini bermoqda. Ikkinchi tomondan esa, soliq organlari qarorlarining asoslanganligi va qonuniyligini qayta ko‘rib chiqish orqali tizimdagi shaffoflikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, shikoyatlarning katta qismi bo‘yicha soliq organlari qarorlari o‘z kuchida qolgani, soliq tekshiruvlari jarayonida qonunchilik talablariga amal qilinib kelinayotganini ko‘rsatadi.  

Biroq ayrim holatlarda soliq to‘lovchilar pozitsiyasining qanoatlantirilgani mazkur mexanizmning haqiqiy huquqiy himoya vositasi ekanini ham tasdiqlaydi.

Mutaxassislar fikricha, kelgusida soliq sohasida raqamlashtirishni yanada chuqurlashtirish, soliq tekshiruvlari shaffofligini oshirish hamda soliq to‘lovchilarga tushuntirish ishlarini kuchaytirish orqali soliq nizolari sonini qisqartirish mumkin.

Sh.Mamaturopova, O‘zA