Nukusda sudlar tomonidan soliq nizolarini ko‘rishda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining iqtisodiy, ma’muriy hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalari, shuningdek, soliq organlari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Oliy sud Plenumining 2023 yil 20 fevraldagi “Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari haqida” gi qarori mazmun-mohiyati targ‘iboti hamda sudlar tomonidan soliq nizolarini ko‘rishda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalari to‘g‘risida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi 51-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shartligi majburiyati ko‘rsatilgan bo‘lsa, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 63-moddasida ushbu jumlalarga qo‘shimcha sifatida soliq hamda yig‘imlar adolatli bo‘lishi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi lozimligi belgilanmoqda. Soliqqa oid huquqiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
[gallery-11482]
Seminarda yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning ahamiyati, mazmun-mohiyati xususida keng tushunchalar berildi. bugungi kunda sudlar tomonidan soliq nizolari bo‘yicha ko‘rilayotgan ishlarning asosiy toifasini soliq qarzdorligini undirish, soliq to‘lovchilarning byudjetdan pul summalarini qaytarish, soliq organlarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish haqidagi nizolar tashkil etmoqda.
Tadbirda sudlarda ko‘rib chiqilayotgan soliq nizolariga doir ayrim masalalar yuzasidan yagona yondashuvni shakllantirish zarurati yuzaga kelganligi ta’kidlandi. Ana shundan kelib chiqib, Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori ishlab chiqilganligi va unda amaliyotda eng zarur deb hisoblangan masalalar bo‘yicha qo‘llash yuzasidan takliflar o‘rin olganligi alohida qayd etildi. Shuningdek, seminarda soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipini qo‘llashda soliqlarni hisoblash, undirish, to‘lash yoki soliq organi va soliq to‘lovchi o‘rtasidagi munosabatlarda vujudga kelgan qarama-qarshiliklar hamda noaniqliklarga emas, aniq qonun hujjatlaridagi bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklarga baho berilishi lozimligi qayd etildi.
Seminarda ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish, soliq maslahatchilarining sudlardagi ishtiroki, ortiqcha to‘langan yoki undirilgan soliqlarni qaytarish yoki undirish to‘g‘risidagi da’vo qanoatlantirilganda, hal qiluv qarorida undiriladigan summa byudjet tizimidan qaytarilishi ko‘rsatib o‘tilishi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, uning hududiy organlarini nizo predmetiga nisbatan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi lozimligi bilan bog‘liq jihatlar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.
Tadbirda, amaliyotdan kelib chiqqan holda, soliq organlari tomonidan soliq tekshiruvlari natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilish holatlari, soliq hisoblash, moliyaviy jarima va imtiyozlarni qo‘llash hamda soliq organlarining qarorlari asosida soliqlarni undirishdagi xatoliklarga oid muhim masalalar muhokama qilindi.
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA