Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida mamlakat bo‘yicha 41,8 mingta soliq to‘lovchida kameral soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Bu raqam respublikaning 558,9 mingta faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining 7,5 foizini tashkil etadi. Ya’ni, har 13 ta korxonaning kamida birida soliq hisobotlari yuzasidan avtomat tahlil amalga oshirilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, kameral tekshiruv soliq organlari tomonidan joyiga chiqmasdan, elektron ma’lumotlar bazasi, hisobotlar va raqamli ma’lumotlar asosida o‘tkaziladigan monitoringdir. Shu jihatdan, tekshiruvlar tadbirkorlarga ortiqcha bosimsiz, qo‘shimcha xarajatlarsiz amalga oshirilgani bilan ahamiyatli.
Tekshiruv natijasida 30,1 trln. so‘mlik soliq majburiyatlari bo‘yicha tafovutlar aniqlangan. Barcha korxonalarga soliq hisob-kitoblaridagi kamchiliklar yuzasidan tegishli talabnomalar yuborilgan.

Aniqlangan tafovutlar asosan, quyidagi soliq turlariga to‘g‘ri kelmoqda. Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) – 14,7 trln. so‘m; foyda solig‘i – 9,3 trln. so‘m; aksiz solig‘i – 3,4 trln. so‘m; mol-mulk solig‘i – 1,1 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu raqamlar soliq intizomining ba’zi sohalarda hali ham yetarli darajada shakllanmagani, hisobotlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarning salmog‘i yuqoriligini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, eng katta soliq tafovutlari quyidagi yo‘nalishlarda qayd etilgan: umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari — 14,8 trln. so‘m, ishlab chiqarish — 6 trln. so‘m, qurilish sohasi — 3,4 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Shuningdek, transport xizmatlari — 2,4 trln. so‘m, qishloq xo‘jaligi — 1 trln. so‘mni tashkil etmoqda.
Eng katta tafovutlar servis va savdo yo‘nalishida qayd etilgani bejiz emas. Bu sohada naqd pul aylanmasi katta, xizmatlar turi ko‘p, soliq hisobotlarida xatolarga yo‘l qo‘yish ehtimoli yuqori.
Soliq organlari tomonidan raqamlashtirish jarayoni jadallashtirilgani, elektron hisobotlar va o‘zaro ma’lumotlar almashinuvi tizimining kengaygani tekshiruvlar samaradorligini oshirdi.
Kameral tekshiruvning asosiy ustunliklari shundaki, tadbirkorlikka bevosita aralashuvsiz nazorat amalga oshiriladi.
Soliq qonunchiligi buzilishlarini erta aniqlash, byudjet tushumlarining barqarorligini ta’minlash, raqamli ma’lumotlar orqali tezkor tahlil imkoniyatini yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, aniqlangan 30,1 trln. so‘mlik tafovutlar soliq intizomi va hisob-kitob madaniyatini yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Sohada raqamlashtirish jarayoni tezlashar ekan, kameral tekshiruvlar tadbirkorlarning soliq majburiyatlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida bajarishini ta’minlashda muhim mexanizmga aylanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA