Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish soliq to‘lovchi bilan hamkorlikni qay darajada ta’minlaydi?
10:15 / 2022-09-26

 Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat islohotlari diqqat markazida bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 avgustdagi tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvida mamlakatimizda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish borasidagi islohotlar va soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorlik tamoyili bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamiga e’tibor qaratildi.

Dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining globallashuv va raqamlashish jarayonlari iqtisodiy xavfsizlik masalalari bo‘yicha tadqiqotlarga e’tiborni yanada kuchaytirmoqda. Chunki ushbu sharoitda mamlakat iqtisodiy xavfsizligiga tahdidlar yanada ortadi. Soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlarda soliq qonunchiligi ijro mexanizmlarining o‘rni va ahamiyatiga ijobiy baho berilgan.

I.Svetkov o‘z tadqiqotlarida davlat institutlari va jamiyatning soliq sohasidagi munosabatlar tashkil etish tizimini quyidagi uchta usulga bo‘lish mumkinligi ta’kidlaydi:

  • ma’muriy bosim nuqtai nazaridan;
  • huquqiy nuqtai nazaridan;
  • manfaatlar nuqtai nazaridan.

Lekin XXI asrda davlatlarning soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish tajribalari bo‘yicha olib borgan tadqiqotlarimiz natijalari hozirda ushbu usullardan mazmun va sifat jihatidan tubdan farq qiladigan «o‘zaro hamkorlik» usulini qo‘llash amaliyoti keng rivojlanayotganligini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, mamlakat iqtisodiy xavfsizligi darajasini belgilovchi ko‘rsatkichlar iqtisodiy o‘sish, tashqi va ichki tahdidlarga bardosh berish, aholi turmush darajasi va uning sifatini yaxshilash, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish darajasini ta’minlash masalalari soliq ma’muriyatchiligini samarali tashkil etish va soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorlik tamoyili asosida ishlash darajasiga bog‘liqdir. Chunki O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti daromadlarini 80-85 foizdan ortiq qismi davlat soliq xizmati organlari tomonidan undiriladi.

Mamlakat xarajatlarini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni jamlash va iqtisodiyot rivojlanish strategiyasi tadbirlarini moliyalashtirish yangi iqtisodiy mexanizmlarni shaklantirayotgan davlatimiz uchun muhim ahamiyatga egadir.

Amalga oshirilayotgan islohotlarda «Soliqchi tadbirkorga ko‘makchi» tamoyiliga e’tibor qaratilishi muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Sohadagi islohotlar va kelajak konsepsiyalar soliq yukini optimal darajaga tushirish, davlat soliq xizmati organlari hamda soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi ko‘rinishga olib chiqishni rejalashtiradi. Soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish, soliqqa tortish jarayonlarida xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan.

Soliq to‘lovchilar bilan amalga oshiriladigan ishlar sifati davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim etiladigan xizmatlar ularning ehtiyojlari va talablariga qanchalik mos kelishiga bog‘liq. 

Bu esa axborot va ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar doirasini kengaytirish soliq to‘lovchilarning o‘z majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarish darajasini oshirishning asosiy omili hisoblanadi. 

Ushbu sohadagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish, soliqlarni o‘z vaqtida hamda to‘liq to‘lashni nazorat qilishni sezilarli darajada osonlashtiradi, ma’muriy xarajatlarni kamaytiradi va huquq buzarlikka moyil soliq to‘lovchilar toifasi bilan ishlashga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan resurslarni ko‘paytirishga yordam beradi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fuqarolarning soliqlarni to‘lash bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarni bajarish uchun eng qulay shart-sharoitlarni ta’minlash uchun zamonaviy texnik vositalardan foydalangan holda soliq to‘lovchilar bilan axborot-tushuntirish ishlarining olib borishda ilg‘or shakllar va usullarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining soliq.uz saytiga bir kunda kiruvchilar 33809 tani, tashrif buyuruvchilar esa 3583 tani tashkil etadi. Ushbu raqamlar soliq to‘lovchilarning davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan foydalanish darajasining o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.



ELEKTRON DAVLAT XIZMATLARI

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarga 40 ga yaqin elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda. Elektron tarzda ko‘rsatilayotgan xizmatlar yo‘nalishlari:

  • · murojaatlarni yuborish;
  • · ro‘yxatga olish;
  • · hisobotlarni yuborish;
  • · axborotlar olish;
  • · ma’lumotnomalar olish;
  • · soliqlarni hisoblash;
  • · soliqlarni to‘lash;

 

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlar turining o‘sishi soliq to‘lovchilarga:

  • kunning xohlagan paytida zarur axborotlarni olish;
  • byudjet bilan hisob-kitoblarini tezkor nazorat qilib borish;
  • soliq organiga bormasdan o‘zini qiziqtirgan savol yoki masala bo‘yicha murojaat qilish;
  • soliqlarni onlayn to‘lash kabi ko‘plab imkoniyatlar berdi.

Shu sababli ham, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan «Davlat soliq qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi»da soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirishning quyidagi asosiy ustuvor vazifalari belgilangan.

  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining axborot tizimlari kompleksining yagona platformasini yaratish;
  • soliq xizmati organlarida zamonaviy biznes-tahlil (Business Intellegence) tizimini joriy etish;
  • soliq auditini avtomat tarzda nazorat qiladigan (Case Management System, Case Assesment System) tizimni yaratish;
  • idoralararo hamkorlik orqali axborot almashinuvida mavjud muammolarni bartaraf etish;
  • soliq organlariga yuklanadigan vazifalar bo‘yicha biznes-protsesslarni ishlab chiqish va ularni avtomatlashtirish;
  • katta hajmdagi ma’lumotlarni boshqarish va tahlil qilish imkonini beruvchi "Big Data" texnologiyasini yo‘lga qo‘yish;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning hisobini yuritishda jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)dan foydalanishga o‘tish;
  • soliq to‘lovchilarni segmentlash, xavflilik darajasidan kelib chiqib, inson omilini to‘liq bartaraf etadigan soliq nazoratini amalga oshirishni nazarda tutuvchi «Tahlika-tahlil» tizimini yaratish;
  • mahalliy byudjetlar daromadini oshirishda mahalliy soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirish uchun «sayt» tizimini keng joriy etish.

Olimlar tomonidan tadqiqotlar natijasida soliq ma’muriyatchiligi tizimini raqamlashtirishning bir qator afzalliklari e’tirof etilgan:

  • soliq ma’muriyatchiligi xarajatlari kamayishi;
  • soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarini aniqlash imkoniyatini oshishi;
  • soliq to‘lovchilarga ma’muriy bosimni kamayishi;
  • korrupsiya riski darajasi pasayishi;
  • soliq ma’muriyatchiligi bosimi pasayishi va biznes ko‘lamining kengayishi evaziga soliq bazasini oshishi.

Ma’lumki, tekshiruvdan oldingi tahlil-taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan holda, soliq to‘lovchining ishtirokisiz o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir. Ushbu tizimdan samarali foydalanish yuqorida ta’kidlanganidek davlat organlarida korrupsiya riski darajasini pasayishiga olib keladi.

Tahilillarimiz 2022 yil 1 avgust holatiga o‘tkazilgan soliq nazorati tadbirlari natijalariga ko‘ra, 38,2 ming soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarida 3 trln. so‘mlik tafovutlar aniqlanganligini ko‘rsatmoqda. Lekin «Avtokameral» AAT tizimi orqali amalga oshirilgan tekshiruvlarning 35 foizida aniqlangan holatlar kam ulushli va ahamiyatsiz kamchiliklar hisoblanadi. Ushbu 35 foiz soliq to‘lovchilarda aniqlangan tafovutlar ahamiyatsiz, ya’ni juda kam miqdorda bo‘lib, ularni aniqlash va undirish xarajatlari aniqlangan soliq miqdoridan yuqori bo‘lgan hajmni tashkil etadi. Soliq organlari tomonidan ushbu holatlar bo‘yicha yuborilgan xabarnomalar soliq to‘lovchilarni asosiy ish faoliyatidan chalg‘itishga va yo‘l qo‘yilgan huquq buzarliklar sonini asossiz ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda xolos.

Bundan tashqari, ushbu tafovutlar soliq ma’muriyatchiligining ma’muriy bosim tizimiga asoslanganligi soliq ma’muriyatchiligi natijasi hisoblanadi. Shu bois, ular bo‘yicha qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar to‘liq undirilmasdan noumid boqimanda qarzdorlikni paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Shu kabi soliq nazorati tadbirlari natijasi bo‘yicha qo‘llanilgan 609 mlrd so‘mlik moliyaviy jarimalar bo‘yicha qarzdorliklar yo‘l qo‘yilgan xato va nomuvofiqliklarni ixtiyoriy ravishda tuzatish bo‘yicha soliq to‘lovchilarga yengillik (pereferensiya) berish to‘g‘risidagi davlat rahbari taklifiga muvofiq hisobdan chiqarilmoqda.

Mazkur masalani o‘rganishlar bo‘yicha amalga oshirgan tahllilarimiz natijalariga asosan «Avtokameral» AAT tizimi yordamida aniqlangan tafovutlarni (kamchiliklarni) toyifalash va kam ulushli tafovutga sabab bo‘lgan kamchiliklarga xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish maqsadga muvofiq.

 

TIZIMNI RAQAMLASHTIRISH

Tadqiqotlarimiz natijalariga asosan olimlar tomonidan soliq ma’muriyatchiligi tizimini raqamlashtirish bo‘yicha e’tirof etilgan afzalliklarga qo‘shimcha ravishda quyidagi qulayliklarga erishish mumkin, deb hisoblaymiz:

  • soliq bazasi bilan bog‘liq axborotlar elektron bazasini to‘liq shakllantirish;
  • soliq to‘lovchilarga kontragentlar to‘g‘risidagi axborotlarni tezkor yetkazib berish;
  • soliq qarzdorlik holati to‘g‘risidagi tezkor axborotlarni shakllantirish va tegishli boshqaruv qarorlari qabul qilish;
  • soliq to‘lovchilarga qonunchilikdagi yangiliklar, uslubiy-tushuntirish hujjatlarini tezkor yetkazib berish;
  • soliq to‘lovchilar, vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalarda tezkor va sifatli axborot almashuvini amalga oshirish yo‘lga qo‘yish.

Tahlillar natijasiga ko‘ra raqamli iqtisodiyot sharoitida soliq organlari ma’muriy bosim tamoyilidan voz kechib, soliq ma’muriyatchiligini raqamli tizim asosida soliq to‘lovchilar bilan hamkorlikda amalga oshirishi zarur, degan xulosaga kelindi.

Soliq ma’muriyatchiligi raqamli tizimni yaratilishi natijasida soliq to‘lovchilarni moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijasi samaradorligini ta’minlash va davlatning byudjetga soliq to‘lovchi daromadidan o‘ziga tegishli ulushni olish xavflari darajasi pasayadi. Bu byudjet xarajatlarini mustaqil moliyalashtirish evaziga mamlakat tashqi qarz olish yoki ichki qarzdorlikni o‘sish bilan bog‘liq muammolarni hal etish yo‘li bilan iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.



 

Boburshoh Ibragimov,

TMI dotsenti, iqtisodiyot bo‘yicha falsafa doktori (PhD)