Buxoro viloyati soliq xizmati organlari xodimlari mamlakatimizda olib borilayotgan soliq islohotlarini tadbirkorlarga yetkazish, ularning muammolarini joyida hal etish maqsadida hududlarda ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda.
Uchrashuvlarda mas’ullar tadbirkorlik sub’ektlarining yuridik manziliga borgan holda rahbar va hisobchilar bilan uchrashib, ularga soliq ma’murchiligi yuzasidan tushuntirishlar berish bilan birga, hisobot taqdim qilish muddatlari va ularning majburiyatlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boryapti. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari o‘rganilib, ularga soliqchilar tomonidan amaliy yordam berilyapti.

Ta’kidlab o‘tish joizki, yurtimizda tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilgan barcha omillar bartaraf etilib, ishbilarmonlar uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, ayniqsa, soliq siyosati tadbirkorlikni rag‘batlantirishga aylantirilgani joylarda o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, Kogon tumanida 2019 yilda ish boshlagan “Omad Kumushkent” sanoat korxonasining vujudga kelishi ham yurtimizda qulay biznes muhitining shakllangani bilan bog‘liq.

Korxona xom bo‘z matosi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, mahsulotlarga keyingi yillarda tashqi bozorda ham talab tobora ortib bormoqda. Birgina misol, joriy yilning o‘tgan davrida mazkur korxona tomonidan chet elga 422 000 AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan.
O‘z o‘rnida ushbu korxonaga joriy yilning o‘tgan davrida jami 1 milliard 600 million so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i o‘rni ham o‘z vaqtida qoplab berilishi ta’minlangan.
Korxonaga qaytarilgan ushbu mablag‘ tadbirkorga aylanma mablag‘larini oshirish, xomashyo xarid qilish, xodimlarning manfaatdorligini oshirish imkonini beradi.
Zarif Komilov, O‘zA