Jizzax viloyatida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligidagi yangiliklarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri yetkazishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda viloyat soliq boshqarmasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur tadbir 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirgan soliq qonunchiligidagi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirishga bag‘ishlandi. Seminarda Soliq qo‘mitasi mutaxassislari ishtirok etib, Soliq kodeksi hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda aks etgan muhim yangiliklar yuzasidan atroflicha ma’lumot berishdi.
Xususan, 2026 yil uchun belgilangan soliq stavkalari, tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etilayotgan imtiyozlar, shuningdek, naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar tahlil qilindi.
Yangiliklarning amaliyotda qo‘llanilishi, ularning biznes muhitiga ta’siri haqida batafsil fikr almashildi.
[gallery-27028]
Ochiq muloqotda 300 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etib, ular tomonidan bildirilgan 20 dan ortiq savolga mutaxassislar tomonidan aniq va asosli javoblar qaytarildi. Shu bilan birga, tadbirkorlarning mavjud muammolari va amaliy takliflari tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq ado etib kelayotgan, ish o‘rinlarini qonuniy asosda yuritib, shaffof faoliyat olib borayotgan bir guruh tadbirkorlar soliq organlari tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Bu esa halol biznesni rag‘batlantirish va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan yondashuvning amaldagi ifodasi bo‘ldi.
Takidlash joizki, soliq qonunchiligiga bag‘ishlangan bunday o‘quv seminarlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham tashkil etilib, tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish, davlat va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari