Prezident tashabbusi – amalda
Prezidentimiz tashabbusi bilan soliq tizimining mahalla darajasiga tushirilishi va “Mahalla yettiligi”ga biriktirilishi ijobiy samaralar bermoqda. Joylardagi norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o‘zini o‘zi band qilganlar kichik biznes toifasiga o‘tishiga ko‘maklashish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish, daromadlarini oshirish borasida samarali ishlar qilinmoqda.

Xususan, mahallabay ishlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar tufayli joriy yilning 19-mart holatiga ko‘ra, jami 15,4 milliard so‘m qo‘shimcha manbalar zaxirasi yaratildi. Shundan, qo‘shimcha aniqlangan 20 ming 825 ta obyekt hisobiga mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha soliq bazasi 11,4 milliard so‘mga yetkazildi. 3 ming 265 ta subyektning 5 ming 338 nafar xodimi legallashtirilishi tufayli mehnatga haq to‘lash fondi 5,2 milliard so‘mga, daromad solig‘i esa 1,3 milliard so‘mga ko‘paytirildi.
Shuningdek, 946 ta bo‘sh turgan obyekt ishga tushirilishiga ko‘maklashib, 1 ming 911 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hududlarda noqonuniy faoliyat yuritayotgan shaxslar tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatiga olinib, moliyaviy qiyinchilik sababli faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarga huquqiy ko‘mak berilmoqda.

Masalan, Zangiota tumanining Nihol mahallasidagi 5 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatiga huquqiy ko‘mak berildi. Natijada hududda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi. O‘z navbatida “Mahalla yettiligi” ko‘magida o‘zini o‘zi band qilganlar va dehqon xo‘jaliklari ro‘yxatga olinmoqda.

Piskent tumanidagi Istiqlol mahallasida yashovchi Rajab Ummatov o‘g‘illari bilan tomorqasining 10 sotix maydoniga rediskaning “Dungan” navini ekib, yil davomida 30 million daromad topadi. Tomorqa orqasidan oila a’zolari ish bilan ta’minlangan va daromadga kirganidan beri mahalladan beriladigan moddiy ko‘makka muhtoj bo‘lmagan.
O‘rganishlar davomida shu kabi o‘zini o‘zi band qilganlar tajribasini ommalashtirish choralari ko‘rilmoqda.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri