Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq imtiyozlaridan foydalanasizmi?
16:27 / 2026-02-25

Qonunchilikka muvofiq ayrim toifadagi fuqarolarga mol-mulk solig‘ini to‘lashda imtiyozlar belgilangan. Jismoniy shaxslarning soliq solinadigan mol-mulkiga ularga tegishli bo‘lgan uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari, tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari, qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’ektlar hamda ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, shuningdek boshqa imoratlar, binolar va inshootlar kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksiga asosan quyidagi fuqarolar mol-mulk solig‘idan ozod etiladi:

«O‘zbekiston Qahramoni» unvoni, "Shuhrat" ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar.

Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar.

O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralangani, kontuziya yoki mayib bo‘lgani oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari).

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar. Mazkur imtiyoz yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joy uchun ular yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar amal qiladi.

Quyidagi jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan mol-mulk oltmish kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi.

O‘n nafar va undan ortiq bolalari bor ota-onalaridan biri. Mazkur imtiyoz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining bolalar borligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi asosida beriladi.

Pensionerlar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi asosida beriladi.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

Uy-joy fondining ko‘chmas mulk ob’ektlarida umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uchun soliq summasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil davomida, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini to‘plash tizimi mavjud bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilganda esa mazkur panellar foydalanishga topshirilgan oydan e’tiboran o‘n yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmaydigan summaga kamaytiriladi.  

Ko‘rsatib o‘tilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni mol-mulk joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.

X.Bibayev,

Toshkent shahar Yunusobod tuman

“Madad” huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi.