Soliq imtiyozlari oʻz samarasini berdi
Mazkur murojaat Jizzax viloyat Davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻrganilib, ijobiy hal etildi.
“Koʻrkam jihoz” xususiy firmasi rahbari A.Islomov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi Doʻstlik tuman boʻlimiga korxonaning soliq qarzdorligini kechiktirib toʻlash boʻyicha imtiyoz berilishini soʻrab murojaat qilgan edi.
Mazkur murojaat Jizzax viloyat Davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻrganilib, ijobiy hal etildi.
Xususiy firmaning ijtimoiy soliq va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha mavjud qarzdorligi – jami 10 million 639 285 soʻm oʻn ikki oy muddatda foizsiz teng ulushlarda toʻlash sharti bilan kechiktirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni xususiy firmani pandemiya sharoitida qoʻllab-quvvatlashga asos boʻldi.
Joriy yilning oʻtgan yarim yilligi davomida viloyat davlat soliq boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning 45 tasi shu taxlit ijobiy yechim topdi. Hozirgi murakkab sharoitda aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini taʼminlash uchun qabul qilingan qator normativ hujjatlar amalda samarali qoʻllanilayotir.
Viloyat DSBga joriy yilning birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslardan 132 ta, yuridik shaxslardan 702 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 39 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyat Xalq qabulxonasi orqali, 30 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Vazirining Jizzax viloyatidagi tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi orqali kelib tushgan. Boshqarmaga bevosita qilingan murojaatlar soni 123 tani tashkil etdi.
Soliq boshqarmasiga murojaatlar nafaqat yozma, balki my.soliq.uz elektron pochtasi, (72) 222-07-00 raqamli “Ishonch telefoni” orqali ham qabul qilinayotir. Olti oy yakunlariga koʻra, ishonch telefoni orqali 48 ta, elektron pochta orqali 43 ta murojaat qabul qilingan.
– Boshqarmaga qilingan murojaatlarning barchasini oʻz muddatida koʻrib chiqish taʼminlandi. – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi tashkiliy ishlar va nazorat boʻlimining katta inspektori Shohista Xoliqova. – Jumladan, murojaatlarning 45 tasi ijobiy hal qilindi, 152 tasiga huquqiy tushuntirish berildi. 5 tasi koʻrib chiqish jarayoni fuqaro arizasiga binoan toʻxtatildi. Boshqarmamiz xodimlari “Soliq idorasi – tadbirkorga koʻmakchi” tamoyili asosida har bir murojaatni koʻrib chiqishga uning ortida inson, mehnati bilan yaratilgan moddiy neʼmat, odamlarning tashvish va xotirjamligi, salomatligi turganligini his etib yondashayotir.