Bugun mamlakatimizda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasida tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan amaliy uchrashuvda aynan shu masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat soliq boshqarmasida viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash, yashirin iqtisodiyotni oldini olish yuzasidan viloyatda amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Jumladan, viloyatga 2024 yil uchun 4 trillion 112 milliard so‘m byudjet tushumi rejasi belgilangan bo‘lib, amalda yillik reja 4 trillion 268 milliard so‘mga ortig‘i bilan bajarilganligi qayd etildi.
O‘tkazilgan tahlillar natijasida byudjetga 136 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha manbalar aniqlanganligi keltirib o‘tildi.
Shuningdek, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va ularning huquqiy himoyasini ta’minlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilganligi, jumladan, 2024 yilda 3 ming 288 ta tadbirkorga ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida 914 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 2 ming 158 ta ish o‘rni yaratilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan fikrlari tinglandi. Ularni hal qilish borasida aniq vaqt va mas’ullar belgilab olindi.
Qolaversa, mas’ullar tadbirkorlar huzuriga borib, suhbatlar tashkil etildi. Ularga xarid qilingan tovar va mahsulotlar uchun onlayn nazorat kassa mashinasining chekini taqdim etmaslik, bank plastik kartalari orqali savdoni rad etmaslik, ishchi xizmatchilarini soliq hisobotlarida to‘liq ko‘rsatish, ularga konvert usulida oylik berish javobgarlikka sabab bo‘lishi yuzasidan tushuntirishlar berildi.
– Bugun mas’ullar kelib, bizga qabul qilingan soliq qonunchiligidagi yangiliklarni tushuntirib o‘tdi, – deydi Qarshi shahridagi “Lazzat” xususiy korxonasi ish yurituvchisi Baxtiyor Bozorov. – Biz bundan xursandmiz. Ular tomonidan berilgan ma’lumotlar faoliyatimizda foydali bo‘ldi.
Bu kabi tadbirlar davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari