Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik jarima solishga sabab bo‘ladi
14:23 / 2022-04-06

O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 11 martdagi "Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilindi.

Ushbu qonun bilan qanday hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi? Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori Muhabbat Xoliqulovaning ayni shular xususidagi fikrlari bilan tanishdik. 

– Dastavval, mazkur qonun bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan hujjatlar to‘g‘risida ma’lumot bersangiz.

– Ushbu qonunga asosan 3 ta kodeks, ya’ni Jinoyat kodeksi, Soliq kodeksi va "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodekslarga, "Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi va "Davlat soliq xizmati to‘g‘risida"gi 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

– O‘zbekiston Respublikasining "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksga qanday asosiy o‘zgarishlar kiritildi?

– "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"i 173-modda (Soliq organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun shaxslarning ma’muriy javobgarligi) bilan to‘ldirildi. Shuningdek, 164-moddasiga asosan, tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul mablag‘lari bilan yoki plastik kartochkalar bo‘yicha hisob-kitoblar shakliga qarab, ularning narxlarini sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish — bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi. 

Ushbu kodeksning 166-moddasiga asosan, tovarlarni (mahsulotlarni) ularning sifatini tasdiqlaydigan hujjatlarsiz sotish yoki majburiy ravishda raqamli markirovkalash qoidalari buzilganda javobgarlik choralari belgilandi. 

– Soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlarning asoslarini yoxud aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik uchun ham javobgarlik belgilandimi?

– Ha, "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ning 175-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan foyda (daromad) yoki boshqa soliq solish ob’ektlarining hisobini olib bormaslik yoxud bunday hisobni belgilangan tartibni buzgan holda yuritish, agar bu harakatlar to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarning yoki yig‘imlarning summasini kamaytirishga olib kelsa, shuningdek, soliqlarni va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarni taqdim etmaslik, xuddi shuningdek, kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlarning asoslarini yoxud aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

– O‘zbekiston Respublikasining "Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi qonuniga qanday o‘zgartirishlar kiritildi?

– O‘zbekiston Respublikasining "Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi qonuni 111-modda (Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini ta’minlamaganlik uchun javobgarlik) bilan to‘ldirilib, norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran bir yuz sakson kun o‘tganidan keyin ko‘pi bilan qirq besh kunda (kichik tadbirkorlik sub’ektlari uchun to‘qson kunda) tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilishni ta’minlamagan rezidentlar respublika byudjeti daromadiga aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran kechikkan kunlariga muvofiq repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 5, 10 va 35 foiziga teng miqdorda qo‘shimcha ravishda jarima to‘lashi belgilandi.

– Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan asosiy o‘zgartirishlar to‘g‘risida ma’lumot bersangiz.

– O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 153-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan, soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida amalga oshiriladi.

Soliq kodeksi 2271-modda bilan to‘ldirilib, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish sifatida belgilanib, ushbu holat aniqlanganda realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

– Kiritilgan o‘zgartirishlarda soliq to‘lovchilarga nisbatan imtiyozlar ham nazarda tutilganmi?

– Albatta, "Soliq kodeksi"ning 483-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlarida, tog‘li hududlarida va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarida davlat ro‘yxatidan o‘tib, yangidan tashkil etilgan va ushbu tumanlarda (hududlarda) o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari (bundan klasterlar mustasno) yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, aylanmadan olinadigan soliqni, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summasini to‘lashdan 2024 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda ozod qilinadi.

Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarida davlat ro‘yxatidan o‘tib, yangidan tashkil etilgan va ushbu hududlarda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari (bundan klasterlar mustasno) 2021 yil 10 sentyabrdan 2024 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi. 

Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik hamda parrandachilik xo‘jaliklari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan 2020 yil 1 maydan 2022 yil 1 noyabriga qadar ozod qilinadi. 



Shahnoza MAMATUROPOVA, suhbatlashdi, O‘zA