Tadbirkorlar uchun soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlikka nisbatan qo‘llaniladigan ma’muriy jarima miqdorlari kamaytirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, agar tadbirkor hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha hisobotlarni taqdim etmagan bo‘lsa, barcha taqdim etilmagan hisobotlar uchun umumiy bitta jarima qo‘llaniladi. Ilgari har bir soliq hisoboti uchun alohida jarima belgilangan edi.
Shu bilan birga, soliq hisobotini o‘z vaqtida topshirmaganlik uchun belgilangan ma’muriy jarima miqdorlari ham qisqartirildi. Fuqarolar uchun — 3 BHMdan 1 BHMga (412 ming so‘m), kichik tadbirkorlik sub’ektlarining mansabdor shaxslari uchun — 10 BHMdan 3 BHMga (1 236 000 so‘m)ni tashkil etadi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, kichik tadbirkorlik sub’ektlari toifasiga yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar va kichik korxonalar kiradi.
Bundan tashqari, oxirgi 3 oy davomida soliq hisobotlarini o‘z vaqtida topshirib kelgan tadbirkorlik sub’ektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib taqdim etishga ruxsat berildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA