Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Soliq – hamkor” tizimi va onlayn-nazorat kassa mashinalari – xaridorlar huquqini himoya qiladi
17:46 / 2021-05-24

Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumani ana shu mavzuga bag‘ishlandi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S. Muhammadiyev va boshqalar so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar soliq idoralari va soliq to‘lovchilarning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichda rivojlantirib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishda muhim omil bo‘layotgani haqida atroflicha so‘z yuritdi. Bu boradagi o‘zgarishlar milliy iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.  

Anjumanda qayd etildiki, shu maqsadda ishlab chiqilgan “Soliq-hamkor” tizimi huquqbuzarlik holatlari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash hamda huquqbuzarliklarni keskin qisqartirishda muhim o‘rin tutadi. Unda murojaatlarni qabul qilishning an’anaviy shakllaridan tashqari “Soliq hamkor” telegram boti, Tekshiruv.soliq.uz sayti, “Soliq” mobil ilovasi orqali xabar berish imkoniyati yaratilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Bu jarayonda hamkorlik qilish ixtiyoriy bo‘lib, ular mazkur tizim orqali soliq to‘lovchi, soliq agenti yoki boshqa shaxsning Soliq kodeksida javobgarlik belgilangan harakati yoki harakatsizligi yuzasidan davlat soliq xizmati organini xabardor etishi mumkin.

“Soliq – hamkor” tizimida “Xarid cheki bermaslik”, “Bank plastik kartasi orqali to‘lov qabul qilishni rad etish”, “Plastik kartada to‘lov qilinganda mahsulotni qimmatroq sotish” va “Noqonuniy faoliyat yuritish” kabi to‘rt yo‘nalishda murojaat yo‘llashi va har bir murojaatchi o‘z xabari holatini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin.

–Tizimning yana bir afzalligi shundaki, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi soliq nazorati bo‘limi sayyor soliq tekshiruvlari sho‘’basi boshlig‘i Botir Xurramov. – Barcha xabarlar Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan alohida nazoratga olinadi. Yuborilgan ma’lumotlar qabul qilingani, ko‘rib chiqish jarayoni va yakuniy natijasi bo‘yicha murojaatchiga SMS ko‘rinishida axborot taqdim etib boriladi. Shuningdek, “Soliq hamkor” axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Viloyatda “Soliq hamkor” axborot tizimi orqali davlat soliq xizmati organlariga kelgan murojaatlar asosida joriy yilning o‘tgan davrida 407 ta soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Ularning aksariyati xarid cheki berilmaslik holati bo‘yicha yuborilgan xabarlardir.  

Tahlillar ham soliq huquqbuzarliklarining aksariyati xarid cheki berilmaslik holatlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Shu bois davlat soliq qo‘mitasi xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini ta’minlash, xususan, iste’molchilardan xarid chekini talab qilishga undovchi yutuqli chek o‘yinlarini tashkil etayotir.

Matbuot anjumanida o‘tgan yilning iyul oyidan buyon o‘tkazilayotgan yutuqli chek o‘yinlarining yashirin iqtisodiyotni qisqartirishdagi ahamiyati va faol fuqarolarni rag‘batlantirishga qaratilgan yutuqli chek o‘yinlari tartibi hamda qimmatbaho sovrinlari xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.  

Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni asosida naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish grafigi hamda ushbu jarayonni to‘rt bosqichda amalga oshirishning mazmun-mohiyati, onlayn nazorat-kassa mashinalarining xaridorlar uchun qulayliklari to‘g‘risida fikr yuritildi.

  

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 7 ming 81 ta tadbirkorlik sub’ekti onlayn-nazorat kassa mashinalari va virtual kassalardan foydalanmoqda. 2022 yil 1 yanvardan onlayn-nazorat kassa mashinalari va virtual kassadan foydalanishga o‘tish shartligi belgilab qo‘yilgan.  

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri