Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, soliq ma’murchiligini takomillashtirish hamda hududiy iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga bag‘ishlangan “Soliq forumi – 2026” bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi va Soliq qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda 500 nafarga yaqin tadbirkorlar, hisobchilar, yirik soliq to‘lovchilar, soha ekspertlari hamda faol yoshlar ishtirok etdi. Forum doirasida 2026-yilga mo‘ljallangan soliq siyosati ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, joriy yil soliq qonunchiligiga kiritilgan 110 dan ortiq yangilik va o‘zgartishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Forumda soliq ma’murchiligini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish, yashirin iqtisodiyotning oldini olish, hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlash hamda ixtiyoriy soliq to‘lash madaniyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar tomonidan tadbirkorlarga soliq hisobotlarini elektron shaklda topshirish, onlayn xizmatlardan foydalanish, risk-tahlil tizimi orqali tekshiruvlarni qisqartirish kabi yangiliklar sodda va tushunarli tarzda tushuntirildi. Shuningdek, soliq yukini mutanosib taqsimlash va halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mexanizmlar haqida ham ma’lumot berildi.

Forum avvalida ishtirokchilar Soliq qo‘mitasi hamda Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi tomonidan tayyorlangan materiallar va “Soliq siyosati – 2026” ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Ko‘rgazmada 2026 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari, hududiy imtiyozlar hamda investitsiyaviy loyihalar uchun yaratilgan yengilliklar vizual materiallar orqali namoyish etildi.
Forumda Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Tavboyev, Soliq qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i To‘rabek To‘rayevlar so‘zga chiqishib, tadbirkorlikni rivojlantirishda barqaror va adolatli soliq tizimining ahamiyatini ta’kidladilar.

Shuningdek, “Soliq siyosati – 2026: asosiy yo‘nalishlar” mavzusidagi ma’ruzada Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori Axtam Hamdamov soliq ma’murchiligidagi amaliy yangiliklar, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar va qo‘llanmalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Forumning eng faol qismi ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Tadbirkorlar soliq hisob-kitoblari, imtiyozlardan foydalanish tartibi, elektron hisob-fakturalar, fiskal chek tizimi, eksport operatsiyalarida soliq qo‘llanilishi kabi dolzarb masalalar yuzasidan savollar berishdi. Mas’ullar har bir murojaatga aniq va amaliy javob qaytarib, muammolarni hal etish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etishdi.
Forum yakunida bir qator ilg‘or tadbirkorlik sub’ektlari munosib taqdirlandi. Jumladan, “Eng ko‘p ishchi o‘rni yaratgan”, “Eng intizomli soliq to‘lovchi”, “Eng ko‘p soliq to‘lagan tadbirkorlik sub’ekti”, “Eng ko‘p mahalliy soliq to‘lagan”, “Eng ko‘p fiskal chek bergan tadbirkorlik sub’ekti”, “Eng ko‘p eksportni amalga oshirgan tadbirkorlik sub’ekti”, “Eng yosh tadbirkor” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ularga Davlat soliq qo‘mitasi va Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ta’kidlash joizki, “Soliq forumi – 2026” tadbirkorlar va soliq organlari o‘rtasida konstruktiv muloqot maydoniga aylandi. Forum doirasida yaratilgan ochiq muhit, berilgan amaliy tavsiyalar va taqdim etilgan imkoniyatlar Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri