English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq boshqarmasida "Ochiq eshiklar kuni"
17:16 / 2025-06-03

Xorazm viloyat soliq boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Unda mamlakatimizdagi turli oliygohlarda aynan iqtisodiyot yo‘nalishda ta’lim olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Soliq tushumlarining davlatimiz iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni juda katta. Tadbirda soliq organlari soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi, ularga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organiga aylangani ta’kidlandi.

Tadbir davomida talabalarga davlat soliq xizmati idoralari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.  

[gallery-23744]

– Jamiyatning har bir sohasida vatanga munosib xizmat qiladigan yosh salohiyatli kadrlarni tarbiyalash ustuvor vazifa hisoblanadi, –deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari O‘tkirbek Karimov. – Ularga ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash esa asosiy maqsadimizdir. Shu sababdan ham mazkur tadbir davlat soliq xizmati organi xodimlari safiga mamlakatimizning eng iqtidorli yig‘it-qizlarini jalb qilishdir.  

Talabalarga boshqarmadagi bo‘limlar faoliyati, soliq tizimida ishlatilayotgan turli dasturlar, inspektorlarga yuklatilgan vazifalar yuzasidan zarur axborotlar, tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, yoshlar kelajakda yetuk kadr bo‘lish uchun qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor berish kerakligi bo‘yicha zarur masalahatlar olishdi.

– Men yoshligimdan hisob - kitob ishlariga qiziqaman, – deydi UrDU talabasi Noila Sobirova. – Qo‘shnimiz Nigora opa tumanimizdagi soliq inspeksiyasida ishlaydi. Uning ertalab soliqchi formasida ishga ketishini ko‘rib, havas qilib ulg‘aydim. Oliygohni a’lo baholarga tugatsam, men ham shu idoraga hujjatlarimni topshirib ko‘raman. Bugun boshqarmadagi yaratilgan sharoitlarni, ish jarayonlarini ko‘rib ishtiyoqim ikki barobar ortdi.  

«Ochiq eshiklar kuni»  doirasida talabalarga soliq tizimida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi.  

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari