French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soliq boshqarmasida matbuot anjumani
21:11 / 2025-04-14

Xorazm viloyat soliq boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamlashtirishni rivojlantirish va inson omilini cheklash orqali soliq sohasini korrupsiyasiz sohaga aylantirish, biznesni soyadan chiqarish hamda soliq qonunchiligida yangiliklar va o‘zgartirishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda soliq xizmati, prokuratura xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar avvalambor aholi farovonligini oshirish hamda jamiyatni korrupsiya illatidan xoli etishga qaratilgan. Soliq sohasining raqamlashishi, inson omilining tobora kamaygani, qolaversa, soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlarning sodda va qulay yaratilgani korrupsiyaning keskin kamayishiga olib kelmoqda. 

Tadbir davomida korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi rahbarlar va xodimlarning ustuvor vazifasi etib belgilangani ta’kidlandi. 

[gallery-22805]

– Endilikda har bir tadbirkor, fuqaro birgina mobil qurilma orqali «Soliq» mobil ilovasidan foydalanib, dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qat’i nazar, majburiyatini bajarishi, rahbar yoki ta’sischi butun boshli biznesi, buxgalteriyasi qanday ishlayotganini kuzatib borishi, qonuniy ishlayotgan biznes hamkorlarni tanlashi mumkin, – deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov. – O‘zini o‘zi band qilish tizimi aholi tomonidan juda qulay tizim sifatida qabul qilindi. Yuzdan ortiq faoliyat turi kiritilgan mazkur instrument mehnat bozorida yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish platformasiga aylandi. Qisqa vaqt ichida mustaqil faoliyat yuritib kelayotgan 60 ming 109 nafardan ortiq fuqaro mehnat qilishning qonuniy yo‘liga o‘tdi. 

Birgina yengil avtomobilda yo‘lovchi tashish faoliyatining o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyat turlariga kiritilishi natijasida ilgari yashirin ishlagan 700 ga yaqin taksi xizmati legallashtirildi. 

Ta’kidlanganidek, soliq sohasida mahallabay va korxonabay ishlash tizimining yaratilishi har bir soliq to‘lovchi bilan bevosita muloqotda bo‘lish uchun yaratilgan dasturlar orqali tahlil qilib borilmoqda. Shuningdek, soliq idoralariga ishga qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash uchun tanlov o‘tkazishning yangi tartibi ishlab chiqilib, bo‘sh ish o‘rinlari ochiq portallarda e’lon qilib borilmoqda. 

Qolaversa, inson omilini cheklash maqsadida 88 ta elektron davlat xizmati tashkil qilinib, tadbirkorlik sub’ektlariga masofadan turib majburiyatlarini vaqtida bajarishga qulay sharoit yaratildi. Shuningdek, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, biznesni soyadan chiqarish maqsadida olib borilayotgan ishlarga ham alohida urg‘u berildi.

Qizg‘in baxs-munozalarga boy bo‘lgan matbuot anjumanida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari