O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida yoshlar o‘rtasida soliq madaniyatini shakllantirish, ularda soliqqa oid bilimlarni oshirish va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida “Soliq bilimlari – yosh avlodga” respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Buxoro viloyatida mazkur tanlovning maktab, tuman (shahar) va hududiy bosqichlari yuqori uyushqoqlik va faollik bilan o‘tkazildi. Tanlovda viloyatdagi 500 dan ortiq umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan 2 mingdan ziyod 5-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etib, o‘z bilim va iqtidorini namoyon etdi.

Bu esa yoshlar o‘rtasida soliq madaniyatini shakllantirish borasidagi ishlar qamrovi kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Buxoro soliq texnikumida bo‘lib o‘tgan hududiy bosqichda har bir nominatsiya bo‘yicha o‘z hududlarida eng kuchli deb topilgan 39 nafar ishtirokchi respublika bosqichi yo‘llanmasi uchun o‘zaro bahslashdi. Tanlov shartlariga muvofiq, ishtirokchilar soliq mavzusini o‘zlarining rang-barang ijodiy ishlari – suratlar, insholar, videoroliklar orqali ifoda etdi.

Soliqlarning qaysi sohalarga sarflanishi, ularning fuqarolar hayotidagi ijtimoiy ahamiyatini 3 ta nominatsiya bo‘yicha yuqori saviyada ochib bergan Buxoro shahar 34-maktab o‘quvchisi Musallam Baxriddinova, Buxoro tumani 16-maktab o‘quvchisi Zilola Choriyeva hamda Buxoro shahar 30-maktab o‘quvchisi Nazir Zaripovlar tanlovning mutlaq g‘oliblari deb topildi.

Tanlov yakunida ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlariga diplomlar, esdalik sovg‘alari va rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri