Soliq bilimlari – yosh avlod kelajagi poydevori Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Soliq bilimlari – yosh avlodga” respublika ko‘rik-tanlovining Navoiy viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida yoshlar qalbida soliq madaniyatini qaror toptirish, ularning iqtisodiy savodxonligi va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, soliqlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati haqidagi bilimlarini yanada boyitish maqsadida tashkil etib kelinmoqda.


Tanlovning viloyat bosqichida shahar va tumanlardan saralab olingan 33 nafar iqtidorli o‘quvchi o‘z bilim va salohiyatini namoyish etdi. Yakunda insholar yo‘nalishida Navoiy shahridagi 11-maktab 8-sinf o‘quvchisi Ruxshona Hotamova, rasmlar yo‘nalishida Uchquduq tumanidagi 7-maktab o‘quvchisi Shahrizoda Nasriddinova va videoroliklar yo‘nalishida Navoiy shahridagi 8-maktab 11-sinf o‘quvchisi Saidazizbek G‘ofurjonov g‘olib deb topildi va respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A. Bo‘riyev, O‘zA