Soliq bilimdonlari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy xarakati hamkorligida “Soliq bilimdonlari – 2016” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy xarakati hamkorligida “Soliq bilimdonlari – 2016” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi.Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari E.Gadoyev, “Kamolot” YoIH markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida soliq sohasini erkinlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholi farovonligini yuksaltirish, xo‘jalik faoliyatini yuritish shartlarini yaxshilash va ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Ko‘rik-tanlov yoshlarning soliq qonunchiligiga oid bilimini mustahkamlash, ularni soliq siyosatini yanada erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati to‘g‘risida xabardor qilishga yordam berayotir.
Tanlovning hududiy bosqichlarida 79 oliy o‘quv yurti jamoalari qatnashdi. Unda g‘olib bo‘lgan 8 jamoa final bosqichida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning chiqishlarini baholashda mamlakatimizda shakllantirilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, soliq imtiyoz va preferensiyalari, iste’molchilar huquqlari kafolatlari xususidagi bilimlarga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining “Auditor” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “Qolqanat” jamoasi ikkinchi, Andijon qishloq xo‘jaligi institutining “O‘lpon” jamoasi uchinchi o‘ringa loyiq topildi.
G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.