Viloyat hokimlariga yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish, ariq va zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazib, kanal qirg‘oqlari va yo‘l chetini tekislab, tadbirkorlik loyihalari uchun sharoit yaratish topshirildi.
Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta doimiy ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 1 milliard so‘mgacha kredit berishni yo‘lga qo‘yadi.
Kelasi yilda bu loyihalar hisobiga 50 ming odamni doimiy daromadli qilish muhim ekani qayd etildi.
Aholining daromadi oshishi bilan ovqatlanish, turizm, savdo xizmatlariga talab ko‘payib, shu yilning o‘zida 255 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ishga tushdi. Ularda 11 ming xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ish boshladi, 27 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlandi.
Hokimlar kelgusi yilda bunga qo‘shimcha 1 mingta mahallani bog‘laydigan yana 200 ta ko‘chani tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan.
Bir oyda aniq “yo‘l xaritasi”ni tuzib, ishni boshlab yuborgan hokimlarga har bir ko‘cha uchun 4 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi. Buni hisobidan 25 ming yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘zA