Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sohibzoda Hazrat madrasasi qayta taʼmirlanmoqda
12:15 / 2019-09-02

Qoʻqonning Xudoyorxon oʻrdasi, Jomeʼ majmuasi kabi Sohibzoda Hazrat, Norboʻtabiy, Kamol Qozi, Dasturxonchi madrasalari, Dahmai Shohon va Modarixon maqbaralari ham qadimiy meʼmorchilik obidalaridandir.

 Xalqaro hunarmandchilik festivali oldidan

Qoʻqonning Xudoyorxon oʻrdasi, Jomeʼ majmuasi kabi Sohibzoda Hazrat, Norboʻtabiy, Kamol Qozi, Dasturxonchi madrasalari, Dahmai Shohon va Modarixon maqbaralari ham qadimiy meʼmorchilik obidalaridandir.

Tarixchilarning bergan maʼlumotlariga koʻra, oʻtmishda shaharda 660 ta masjid, 67 ta madrasa, 26 ta qorixona, 100 dan ziyod xonaqoh, oltita markaziy bozor, oʻnlab maxsus bozorlar, oʻttizga yaqin karvonsaroy va boshqa turli milliy meʼmorchilik namunalari, oʻnlab ovroʻpocha imoratlar bor boʻlgan. Ularning bir qismi 1918-yildagi urush oqibatida vayron boʻldi, katta qismi sobiq tuzim davrida buzib yuborildi. Shunday boʻlsada Qoʻqon yodgorliklari nufuzi boʻyicha vodiyda birinchi oʻrinda turadi.

Qoʻqon shahrida ilk bor oʻtkaziladigan xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ishlari doirasida tarixiy obidalarda ham rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Muqimiy hujra muzeyi joylashgan Sohibzoda Hazrat madrasasi tajribali ustalar tomonidan taʼmirlanmoqda.

Mazkur tarixiy obida 1827-1860-yillarda tasavvufning yirik namoyandasi, ulamo va davlat arbobi Miyon Fazl Ahad – Sohibzoda Hazrat tomonidan qurilgan. Sohibzoda Hazrat 1825-yilda Qoʻqon xonlarining taklifiga binoan Peshovar shahridan koʻchib kelgan. Mahalla hovlilar oraliqlaridagi boʻsh sayxonliklarda qurilgan. Shu tufayli madrasa tarixi oʻziga xos boʻlib, uch hovlili majmua hosil qilgan. Madrasaning asosiy peshtoqi janubiy hovlining gʻarbga qaragan tomonida boʻlib, binoga gumbazli darvozaxona orqali kiriladi.

Binoning meʼmori maʼlum emas. Oʻyma naqshli muhtasham darvoza esa Iskandar Hoja tomonidan yasalgan. Darvozaxonaga yondashgan hujralarda hozirgi paytda Muqimiy hujra muzeyi joylashgan. Shimoliy hovlining maydoni hujralar bilan oʻralgan. Gʻarbiy hovli hujralar va darsxonalar bilan oʻrab olingan. Madrasaning uch hovlidan iborat ekanligi shundan darak beradiki, har bir hovli madrasa tahsilining turli bosqichlari (adno, avsat, aʼlo – quyi, oʻrta, oliy) uchun moʻljallangan. Bino pishiq gʻishtdan qurilgan boʻlib, ichki tomonlari – xonalar ganch bilan suvalgan. Madrasada ulugʻ shoirlar Muhammad Aminxoʻja Muqimiy va Muhyi Xoʻqandiy yashab ijod qilgan. Madrasa 24 hujradan iborat boʻlgan.

Muzey uchta hovlidan iborat boʻlib, Shohi atlas toʻqish fabrikasi foydalanib turgan qismi ham tarixiy obida tasarrufiga qaytarildi. Taʼmirlash ishlari davomida qarovsiz turgan bu joylar 50 mashinadan ziyod chiqindilardan tozalandi. 22 ta hujra asliga mos holda taʼmirlanmoqda, barcha hujralarni tiklashga qaratilgan qurilish ishlari bajarilayotir. Zaxlashning oldini olish, ushbu tarixiy meʼmorchilik obidasini kelgusi avlodlarga ham yetkazish maqsadida zarur choralar koʻrilmoqda.