French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sohibqironning Xitoy hukmdoriga tuhfa qilingan tulpori
16:52 / 2025-08-29

Vatanimiz tarixidagi 29 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1393 yil (bundan 632 yil oldin) – Bag‘dodni egallagan Amir Temur shayx Ibrohim Lak mozorini ziyorat qilib turgan vaqtda uning huzuriga tarixchi olim Nizomiddin Shomiy keldi. “Shu vaqtda, – deb eslaydi olimning o‘zi, – bu banda Bag‘dodda turgan edim. Shahar aholisi ichidan palos o‘pishga yetib kelganlardan birinchisi bu banda bo‘ldi. Amir sohibqiron iltifot qilib, uni boshqalardan ilgari kelishini maqtov bilan qarshi olib, hurmat-ehtirom ko‘rsatdi va muborak lafzi bilan shunday dedi: “Xudo senga o‘z rahmatini yo‘llasinki, bu shahardan mening huzurimga birinchi bo‘lib chiqqan kishi sen bo‘lding”.

1422 yil (bundan 623 yil oldin) – Temuriylar hukmdori Shohrux Mirzo va temuriyzodalar tomonidan Xitoyga yuborilgan elchilar poytaxtga qaytib keldi. Bu elchilik Xitoy bilan Temuriylar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishda katta turtki bo‘ldi. Ikki o‘rtada karvonlar uzluksiz qatnab turdi, mahalliy hukmdorlar ularning xavfsizligiga mas’ul bo‘ldilar. Bu voqeani tarixchi olim Abdurazzoq Samarqandiy quyidagicha qayd etgan:

“Bu yili, ya’ni sakkiz yuz yigirma beshinchi yili o‘n birinchi ramazonda (milodiy 1422 yil 29 avgustda) a’lo hazrat (Shohrux) farmoni bilan Shodixoja va Ko‘kcha boshchiligida shahzoda Boysung‘ur (nomidan) Sulton Ahmad va xoja G‘iyosiddin Naqqosh boshchiligida (Xitoyga) borgan elchilar poytaxt Hirotga qaytib keldilar. Ularning (Hirotdan) safarga chiqqan vaqti – oltinchi zulqa’da sakkiz yuz yigirma ikkinchi yil (1419 yil 24 noyabr), qaytib kelgan vaqti – yuqorida eslatilganidek, o‘n beshinchi ramazon va hammasi bo‘lib ikki yil-u o‘n oy va besh kundir. (Elchilar) Xitoy podshohining sovg‘a-tortiqlarini arzga yetkazdilar; u mamlakatlar avzoyi, rasm-rusumlari haqida ajoyib hikoyalar va g‘aroyib so‘zlarni bayon qildilar”.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Shohruh Mirzo tomonidan Xitoyga yuborilgan mazkur elchilar ham imperatorga ko‘p sovg‘a-salomlar olib borishgan. Shu tuhfalar orasida Sohibqiron Amir Temurning oti ham bo‘lgan. Xitoy hukmdori otni ovga minib borganida, u to‘lg‘ab hukmdorni ustidan uloqtirib tashlaydi. Podshoh elchilar boshlig‘i Shodihojaga “sen keltirgan ot, men uni ov vaqtida mingan edim, g‘oyatda qariligidan meni uloqtirib tashladi. Mening qo‘lim og‘riyapti, ko‘karib ketdi, dori surtgan edim, alami biroz taskin topdi”, deb ta’na qiladi. Shodihoja uzr aytgandek bo‘lib, “Bu ot ulug‘ amir hazratlari Temur ko‘ragondan yodgor qolgap, Shohrux janoblari g‘oyatda hurmat ko‘rsatib, bu ot sizning ulusingizda otlarning saromadi bo‘lar, degan umid bilan yubordilar”, deb arzga yetkazdi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, bu gap podshohga yoqib tushadi va tahsin aytadi. 

1897 yil (bundan 128 yil oldin) – Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagining majlisida Nikolay Ostroumov Amir Temurning Ahmad Yassaviy mozoriga bergan yorlig‘i haqida ma’ruza qildi. Tarixchi olim O‘ktambek Sultonovning qayd etishicha, Ostroumov bu kabi hujjatlarni o‘rganish ham ilmiy, ham o‘lkada olib borilayotgan vaqf ishlarini tartibga solishda amaliy natija berishini ta’kidlagan. Jamoatchilikni mazkur hujjat mazmuni bilan yaqindan tanishtirish uchun ko‘p o‘tmay uning matni Abubakr Divayev tomonidan, rus tiliga tarjimasi esa 1912 yilda Aleksandr Dobrosmыslov tomonidan chop etildi.

1920 yil (bundan 105 yil oldin) – sovet hukumati xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzib, Buxoro amirligini tugatishga kirishdi. Shu sanadan boshlab Eski Buxoro ham havodan, ham yerdan qattiq bombardimon qilindi. Mixail Frunze qo‘shinni 4 ta guruh – Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Chorjo‘y va Kogon guruhlariga bo‘lgan edi. Asosiy vazifa Kogon guruhi zimmasiga yuklandi. U poytaxt Eski Buxoro shahrini bosib olishi, amir Olimxonni asirga olib, Arkdagi xazinani egallashi kerak edi.

1934 yil (bundan 91 yil oldin) – haykaltarosh, qoraqalpoq haykaltaroshligi asoschisi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Jo‘ldosbek Quttimurodov tavallud topdi. Uning asarlarida go‘zallik tuyg‘usi estetik ideal tarzida namoyon bo‘ladi, zamondoshlari qiyofasi, tarixiy mavzularni o‘ziga xos tarzda talqin qiladi, qoraqalpoq ayoli go‘zalligini ramziy obrazlarda ifoda etadi, bu obrazlar mahalliy tabiat manzaralari bilan uyg‘unlashgan. U 2000 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Oltin medali bilan taqdirlangan.

1971 yil (bundan 54 yil oldin) – Sirlaryo viloyatidagi Oqoltin tumani tashkil etildi. 

1996 yil (bundan 29 yil oldin)O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qismi) tasdiqlandi; “«Buyuk xizmatlari uchun» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”, “Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida” qonunlar qabul qilindi.

1997 yil (bundan 28 yil oldin)O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida” qonunlari qabul qilindi.

1998 yil (bundan 27 yil oldin)O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”, “Avtomobil transporti to‘g‘risida”, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida” qonunlari qabul qilindi.

2000 yil (bundan 25 yil oldin) – poytaxtni Farg‘ona vodiysi bilan tutashtiruvchi Kamchiq dovonidan o‘tkazilgan yangi avtomobil yo‘lining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2001 yil (bundan 24 yil oldin)O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

2003 yil (bundan 22 yil oldin)“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”, “«Fidokorona xizmatlari uchun» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”, “Jamoat fondlari to‘g‘risida” qonunlar qabul qilindi.

2017 yil (bundan 8 yil oldin)O‘zbekiston Respublikasining “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida” qonunlari qabul qilindi.

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA