Toshkent kimyo xalqaro universitetida Amir Temur tavalludining 689 yilligiga bag‘ishlab, "Sohibqiron" nomli zakovat turniri o‘tkazildi.
Mazkur turnir universitet talabalari bilan bir qatorda professor-o‘qituvchilar va rahbar xodimlar ishtirokida ham o‘tkazildi. Talabalarning 14 jamoasi va xodimlardan iborat 9 jamoa g‘oliblik uchun bellashdi. Taniqli tarixchi olimlar tomonidan tayyorlangan savollarga berilgan javoblar asosida hakamlar hay’ati tomonidan sarhisob qilingan natijalarga ko‘ra, xodimlar o‘rtasida "Temuriylar" jamoasi, talabalar orasida esa terma jamoa birinchi o‘rinni egalladi.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi orkestri, podpolkovnik Muqimjon Mahmudov hamda kapitan, "X-Faktor" loyihasi finalchisi Dilshodbek Jalolovning chiqishlari alohida fayz bag‘ishladi.
Turnir yakunida g‘olib jamoalar Amir Temur va temuriylar tarixiga oid 11 nomdagi, jami 200 nusxadagi kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

O‘zA