O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Ushbu hujjat buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rnini chuqur o‘rganish, temuriylar merosini keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qaror ahamiyati haqida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi (IRCICA)” kafedrasi mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori G‘ayrat Rasulov bilan suhbatlashdik.
– Hozirgi murakkab globallashuv sharoitida mazkur qarorning ahamiyatini qanday baholaysiz?
– Prezidentimiz tomonidan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qabul qilingan qaror ma’naviy hayotimiz, milliy tariximizni o‘rganish va o‘zlikni anglash jarayonlarida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalo, ushbu qaror orqali milliy davlatchiligimiz tarixida beqiyos o‘rin tutgan Amir Temur shaxsiyati, uning adolatli boshqaruv tamoyillari, yuksak harbiy salohiyati hamda ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi yanada chuqur tadqiq etish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun mustahkam asos yaratilmoqda. Bugungi mafkuraviy tahdidlar kuchaygan sharoitda yosh avlodni tarixiy xotira, milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Amir Temur siymosi beqiyos ahamiyatga ega. Chunki Sohibqiron jasorat, adolat, qat’iyat va ma’rifat timsolidir.
Uning davlatchilik falsafasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasi bilan uyg‘un. Qarorda temuriylar davri ilmiy merosini tizimli o‘rganish, nodir qo‘lyozmalarni aniqlash va raqamlashtirish, elektron platformalar yaratish, xalqaro anjumanlar o‘tkazish kabi ustuvor vazifalar belgilangani tarix ilmi va madaniy diplomatiya yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
– Amir Temur shaxsiyati va faoliyatida e’tiqodning o‘rni haqida nima deysiz?
– Darhaqiqat, Amir Temur shaxsiyati zamirida mustahkam e’tiqod, chuqur ma’naviy dunyoqarash va adolatga asoslangan hayotiy falsafa mujassam edi. U islom dinining insonparvarlik, halollik, adolat va ilm-ma’rifatga intilish kabi tamoyillarini davlat boshqaruvida ustuvor mezon sifatida qabul qilgan.
“Kuch – adolatda” shiori uning faoliyatida asosiy tamoyilga aylangan. Bu g‘oya nafaqat harbiy yurishlarda, balki ichki siyosat, xalq farovonligi va ilm-fan taraqqiyotida ham ustuvor ahamiyat kasb etgan. Sohibqironning olimu ulamolar bilan muloqoti, ularning maslahatlariga tayanish odati uning ma’naviy kamolotidan dalolat beradi. Shayx Zaynuddin Tayobodiy, Mir Sayid Baraka kabi ma’naviy peshvolar bilan aloqalari uning ruhiy dunyosiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Amir Temur faqat harbiy kuchga emas, balki aql-zakovat, ma’rifat va adolatga tayangan holda davlat barpo etdi. Shu bois temuriylar davrida ilm-fan, me’morchilik va san’at gullab-yashnadi.
– O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Temur va temuriylar merosi qanday o‘rin tutadi?
– O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimiz tarixiy-madaniy merosini ilmiy asosda yoritishga qaratilgan yirik loyihadir. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi olimlari faol ishtirok etmoqda. Ekspozitsiyani shakllantirishda Amir Temur va temuriylar davri merosi markaziy o‘rin egallaydi. Chunki temuriylar davri islom sivilizatsiyasi rivojining eng yuksak bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu davrda astronomiya, matematika, tib, falsafa, me’morchilik, xattotlik va kitobatchilik beqiyos taraqqiy etgan.
Ekspozitsiyada Amir Temurning davlatchilik falsafasi, boshqaruv tizimi, harbiy strategiyasi, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod kabi allomalar merosi kompleks yoritilmoqda. Xorijiy muzey va kutubxonalarda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar va tarixiy manbalar asosida tayyorlanayotgan bo‘limlar markazning ilmiy qiymatini yanada oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, Temur va temuriylar merosi milliy o‘zlikni anglash, yoshlarni ma’rifat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.