Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi: tarixiy merosga yuksak ehtirom
13:55 / 2026-02-06

Sohibqiron Amir Temur nomi jahon tarixining eng ulug‘ shaxslari safida munosib o‘rin egallab kelmoqda. U buyuk davlat arbobi, qudratli sarkarda hamda ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sifatida insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan.

Uning adolatga asoslangan davlatchilik g‘oyalari, kuchli boshqaruv tizimi va ma’rifatparvarlik siyosati bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.  

Ana shu ulug‘ zot tavalludining 690 yilligini keng nishonlash maqsadida Prezidentning tegishli qarori qabul qilinib, mamlakatimizda keng ko‘lamli ma’rifiy va ilmiy tadbirlarni tashkil etish belgilandi.

Qarorga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi mamlakat bo‘ylab keng nishonlanadi. Bu sana faqat tarixiy yubiley sifatida emas, balki milliy o‘zlikni anglash, boy ma’naviy merosni chuqur o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan muhim jarayon sifatida qaralmoqda.  

Shuningdek, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Qaror doirasida 2030 yilgacha mo‘ljallangan maxsus “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unda Amir Temur va temuriylar davri merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib etishga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilangan.  

Xususan, 9-10 aprel kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etiladi. Mazkur anjumanda turli mamlakatlardan kelgan olimlar ishtirokida yangi tadqiqot natijalari muhokama qilinib, ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga zamin yaratiladi.

Shuningdek, Amir Temurning mashhur “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini bir qator xorijiy tillarda, jumladan fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish rejalashtirilgan. Bu orqali asarning mazmun-mohiyati jahon jamoatchiligiga yanada kengroq yetkaziladi. Bundan tashqari, “Temuriylar davrining 100  nodir qo‘lyozmasi” va “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” nomli kitob-albomlar tayyorlanib, ilmiy va madaniy jamoatchilikka taqdim etiladi.

Yana bir muhim tashabbuslardan bir, temuriylar davriga oid manbalarni o‘z ichiga olgan elektron platformani yaratishdir. Ushbu platforma orqali qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, ilmiy maqolalar va tadqiqotlar elektron shaklda joylashtirilib, keng foydalanuvchilar uchun ochiq tarzda taqdim etiladi.

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida tashkiliy qo‘mita tarkibi ham tasdiqlandi. Qo‘mita barcha tadbirlarni muvofiqlashtirish, ularning mazmunan boy va ta’sirchan bo‘lishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Umuman olganda, mazkur qaror va rejalashtirilgan tadbirlar buyuk ajdodimiz Amir Temur merosiga bo‘lgan chuqur ehtiromning yorqin ifodasidir. Bu sa’y-harakatlar orqali milliy iftixor tuyg‘usi mustahkamlanib, yosh avlod tarixiy xotiraga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalanadi. Sohibqiron Amir Temur singari ulug‘ shaxslar merosi esa kelajak avlod uchun hamisha ilhom manbai bo‘lib qoladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA