Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sohibqiron Amir Temur – milliy g‘ururimiz ramzi
07:20 / 2026-02-12

Jahongir bobomiz Amir Temur va temuriylar nomi jahon sivilizatsiyasi, ilm-fani, ma’naviyat va ma’rifat rivoji bilan bevosita bog‘liq. Shu bois, Temur va temuriylar davriga oid tarixni mukammal o‘rganish muhimdir.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan Temuriylar tarixi davlat muzeyida ayni mavzuga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.  

 Tarixchilar, temurshunos olimlar, ma’naviy-ma’rifiy soha mas’ullari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi qaroriga muvofiq, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash, ulug‘ sarkardaning milliy davlatchiligimiz, jahon tarixi, Turon tamaddunidagi o‘rnini yanada chuqur o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq qilish va keng jamoatchilikka, ayniqsa yoshlarga yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi.  

Amir Temur tavalludining 690 yilligi doirasida mamlakatimiz va xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyalar, ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Qarorda Amir Temur milliy davlatchiligimiz asoschisi, Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansi bunyodkori sifatida e’tirof etiladi. Mustaqillik yillarida uning nomi va xotirasi tiklangani, yuksak ehtirom ramzi sifatida haykallar o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Xalqaro Amir Temur jamoat fondi faoliyat yuritayotgani, “Amir Temur” ordeni ta’sis etilgani alohida qayd etilgan. Bu esa ulug‘ ajdodimiz siymosi milliy o‘zlik va ma’naviy kuch timsoliga aylanganini ko‘rsatadi.

Olimlar Prezidentimizning  yuqorida nomi keltirilgan qarori, unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirarkan, strategik va mafkuraviy yo‘nalishga ega ushbu hujjat yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalashda temuriylarning bebaho merosidan samarali foydalanish, shu yo‘nalishdagi ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid yangi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, temuriylar davri merosi raqamlashtirilib, keng ommaga taqdim etish, yoshlar o‘rtasida “Temur tuzuklari” bilimdonlari kabi ma’rifiy tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Davra suhbatida “Amir Temur oyligi”ni yuqori saviyada o‘tkazish, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, tashkilot va mahallalarda tashkil qilinadigan ma’rifiy tadbirlarda boy ilmiy manbalarga asoslanish, targ‘ibotda zamonaviy  va ta’sirchan texnologiyalardan keng foydalanish, temuriylar davriga oid nodir qo‘lyozmalar to‘plamlarini yaratish, tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni xorijda namoyish etish masalalarida so‘z borarkan, tarixchilar ilmiy tadqiq, zamonaviy targ‘ibot yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tdi.  

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu hujjat Amir Temur va temuriylar merosini milliy taraqqiyot strategiyasi bilan uyg‘unlashtirgan holda ilmiy asosda o‘rganishda, yoshlar tarbiyasida samarali qo‘llash va jahon miqyosida keng targ‘ib qilishda tarixchilar, olimlar bir platformada jam qilib, ilmiy salohiyatni, kuchlarni birlashtirishga  xizmat qiladi.

                                                                                  N.Usmonova,  

O‘zA