Xalqimiz musiqa san’atini g‘oyat qadrlaydi. Ayniqsa, Ozarbayjon musiqasi yurtimiz san’at ixlosmandlari qalbiga juda yaqinligi bilan ahamiyatli.
Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist, Mug‘om xalqaro markazi direktori Sohib Poshshozoda O‘zbekistonga, uning xalqiga cheksiz mehr va ehtirom, hurmat bilan munosabatda bo‘luvchi, milliy maqom san’atimizni g‘oyat qadrlaydigan san’atkorlardan.

Uning nomi mahorat, san’atga sadoqat ramzi sifatida yangraydi. Sohib Poshshozoda eng iste’dodli sozandalardan biri bo‘lib, u nafaqat Ozarbayjon mug‘omining qadimiy an’analarini asrab-avaylagan, balki milliy madaniyatning chuqurligini zamonaviy ovoz bilan uyg‘unlashtira olgan ijodkor. Ustoz Sohib tor chertganida tinglovchi musiqaning haqiqiy mo‘’zijasi, sehri va jozibasini his etadi. Ildizlari, tarixi, ohangiyu navolari tutash bo‘lgan musiqa dunyosining cheksiz ummoniga sho‘ng‘iydi.

Sohib Poshshozoda Bokudagi Mug‘om xalqaro markaziga rahbarlik qiladi, o‘quvchilarga ta’lim beradi, xalqaro tanlovlarga tayyorlaydi. Uning nomi Ozarbayjondan tashqarida ham ma’lum. Ko‘p marta O‘zbekiston, Turkiya, Fransiya, Amerika, Qatar va boshqa bir qator mamlakatlardagi nufuzli festivallarda Ozarbayjon musiqa maktabining vakili bo‘lgan.

Sohib Poshshozodaning taqdiri yoshligidanoq san’at bilan bog‘liq edi. U Ozarbayjonda xalqning ma’naviy uyg‘unligi va madaniy ramzi sifatida e’tirof etiladigan milliy cholg‘u – torga bo‘lgan muhabbatni meros qilib oldi.
Musiqashunoslarning e’tirof etishicha, Sohib Poshshozoda tor chertsa, chin mo‘’jiza boshlanadi. Darhaqiqat, sozandaning ijrosi nozikligi, betakror mahorati, teran ichki mazmuni bilan ajralib turadi. Uning chiqishlari har doim turli yoshdagi tinglovchilarni birlashtira oladigan energiyaga boy.
– Mug‘om shunchaki musiqa emas, balki jon bilan suhbatdir, – dedi Sohib Poshshozoda. – Har bir inson uchun tushunarli va qalbiga juda yaqin bo‘lgan bu ne’mat sira chegara bilmaydi.

2025 yilning yozida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Sohib Poshshozodani «O‘zbek madaniyati elchisi» medali bilan taqdirladi. Marosim Bokuda bo‘lib o‘tdi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim voqea bo‘ldi. Mukofotni topshirar ekan, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Sohib Poshshozodaning ijodi xalqlarni yaqinlashtirish, Sharqning ma’naviy qadriyatlarini ommalashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Musiqachining o‘zi uchun bu e’tirof nafaqat rasmiy mukofot, balki qardosh ikki xalq - O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi samimiy do‘stlik ramzi bo‘ldi.
– O‘zbekiston san’atni chinakam qadrlaydigan va an’analarni hurmat qiladigan mamlakatdir, – dedi Sohib Poshshozoda.–Har safar O‘zbekistonga kelganimda qadimiy kuy-qo‘shiqlar, ajdodlarimizning ovozi bir-biriga bog‘langan ertakka qaytayotganday bo‘laman. Musiqamizga, umumiy ma’naviy merosimizga bo‘lgan alohida samimiy ehtiromimni his etaman. O‘zbekistonga bo‘lgan muhabbatim va ehtiromim cheksiz. Hayotimda ko‘plab mukofotlar bor. Lekin men uchun eng qadrlilaridan biri Samarqanddagi «Sharq taronalari» XI xalqaro musiqa festivalida sazovor bo‘lgan Gran-pri mukofotidir. Aynan shu g‘alabadan so‘ng ijodiy taqdirimda yangi sahifa boshlandi. Eng muhimi, mug‘om va mening tor sozidagi ijroim turli mamlakatlar xalqlarining qalbida aks etganini his qildim.
Sohib Poshshozoda konsert faoliyatidan tashqari pedagogika bilan ham faol shug‘ullanadi. U Ozarbayjon Milliy konservatoriyasida dars berib, yosh musiqachilarga nafaqat ijro texnikasini, balki mug‘om falsafasini - musiqani jonli nafas kabi his etishni ham o‘rgatadi. Uning shogirdlari xalqaro tanlovlar sovrindorlari bo‘lib, Ozarbayjon musiqa maktabining shonli an’analarini davom ettirmoqda. San’at ustasining fikricha, har bir yosh ijrochida oddiy sozanda emas, balki o‘z qalbining ichki nurini, beg‘ubor tuyg‘ularini tinglovchiga yetkaza oladigan teran fikrli ijodkor shaxsni tarbiyalash muhim.
Sohib Poshshozoda turli yillarda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Urganch va Xiva sahnalarida san’atini namoyish etgan. 2024 yilda u Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro maqom festivalida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida taklif etilib, Ozarbayjon nomidan ishtirok etdi.
Uning O‘zbekistondagi ilk chiqishi 2017 yilda "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida bo‘lib o‘tdi va u yerda jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lib, Gran-priga sazovor bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA