11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
Buxoroda “O‘zbekiston kasaba uyushmalari – 120 yil xalq bilan” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, shuningdek, O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Eshmirza Abdualimov soha xodimlari hamda faxriylarni samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, ayni kunda kasaba uyushma a’zolarining mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kuchli kasaba uyushmalari – kuchli jamiyat asosi” tamoyili asosida tizimda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Hozirda viloyatda kasaba uyushmalari tizimida 2,5 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilot samarali faoliyat ko‘rsatib, ular 440 ming nafardan ortiq a’zosining huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini ta’minlab kelmoqda, – deydi o‘z tabrigida Botir Zaripov. – Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida soha xodimlarining sa’y-harakati bilan 116 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgani mehnat qonunchiligini ta’minlashda kasaba uyushmalarining o‘rni dolzarbligining tasdig‘idir.
[gallery-26088]
E’tirof etilganidek, ezgu vazifalarni amalga oshirish, “Inson qadri uchun” degan olijanob g‘oyani viloyatdagi har bir korxona va tashkilotda qaror toptirish, mehnatni farovonlik va baxt manbaiga aylantirish ko‘p jihatdan kasaba uyushmalarining samarali faoliyatiga bog‘liq.
Bayram tantanasida sohaning faollari hamda faxriylaridan bir guruhi viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyati Kengashi faxriy yorliqlari va tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tadbirda “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi.
Viloyatning taniqli san’atkorlari, xushovoz xonandalari, badiiy raqs ansambllari tomonidan namoyish qilingan dasturlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA