Termiz shahridagi matbuot uyida “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 2024 yilning birinchi yarim yilligi natijalari, ko‘rsatkichlar va istiqboldagi rejalar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ma’lumki, sohani raqamlashtirish hamda iste’molchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida tizimda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jarayonda to‘lov intizomi va madaniyatini oshirish, yetkazib berilayotgan ichimlik suvi va ko‘rsatilayotgan oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlar shaffofligi hamda korrupsion holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Jamiyat tomonidan aholi iste’molchilari uchun takomillashtirilgan ichimlik va oqova suv xizmatlarini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan “Uzwater” hamda yuridik iste’molchilar uchun integratsiyalashgan yagona billing tizimi ishga tushirilgan. Qolaversa, takomillashtirilgan shaxsiy kabinet joriy etilgan. U orqali iste’molchilar to‘lovlar hisobotini (oylar, yillar kesimida) ko‘rib borishi, shu yerning o‘zida to‘lovni amalga oshirishi va hisoblagichlar ma’lumotini kiritishi mumkin.
Tadbirda qayd etilganidek, iste’molchilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda sohadagi korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida aholi nazoratchilari uchun “inson omilisiz” raqamlashtirilgan KPI tizimi joriy etilgan.
[gallery-18607]
Ma’lum qilinishicha, viloyatda 2024 yilning o‘tgan olti oyi davomida 137,2 kilometr tarmoq tortildi, 338,7 kilometr quvur ta’mirlandi va 4 ta ichimlik suvi inshooti qurilishi natijasida 95 ta mahalladagi 25,9 ming nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 5 ta mahalladagi 3,9 ming nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
“To‘palang suv ombori suvidan foydalanish” loyihasi doirasida bugungi kunda jami 147,1 kilometr suv tarmog‘i tortilib, 6 ta ichimlik suv saqlash hovuzi qurildi. 1-bosqichda Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlariga ichimlik suvi olib borilib, natijada 52 ta mahallada istiqomat qiluvchi 187,7 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Vgk6lConOE0" title="Sohani raqamlashtirish - davr talabi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yakunda aholi murojaatlari bilan ishlash, to‘lov intizomi va madaniyatini oshirish, ichimlik suvi tanqisligi va uni asrashda OAV vakillari bilan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA