Buxoroda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov viloyat va tuman darajasidagi tegishli tashkilotlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda hududiy fermerlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazdi.
Mazkur yig‘ilishda tizimda vertikal boshqaruvni takomillashtirish, ichki intizomni mustahkamlash, islohotlarga mas’uliyat va vijdon bilan yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi. Vazirning “Soha faqat statistik raqamlar bilan emas, balki har bir qarorning daladagi sadosi va har bir oila dasturxonidagi non bilan baholanadi”, degan so‘zlari yig‘ilish mazmun-mohiyatini aniq belgilab berdi.

Muhokamalar chog‘ida malakali kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Sohaga yangi avlod mutaxassislarini keng jalb etish, mavjud xodimlarning salohiyatini baholash hamda ular bilan samarali ishlash mexanizmlarini ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi. Tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar bugunning emas, balki ertaning tayanchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda hosildorlikni oshirish, innovatsion sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish, klaster va kooperatsiya tizimlarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat dasturlarini samarali bajarish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Har bir masala zamirida esa minglab insonlarning mehnati va hayotiy taqdiri mujassam ekani yana bir bor eslatib o‘tildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan tashkil etilgan sayyor qabulda fermerlar va qishloq joylardagi tadbirkorlar suv taqchilligi, texnika va zarur resurslar yetishmovchiligi kabi dolzarb muammolar, ayrim murojaatchilar o‘z shaxsiy hayotlariga oid masalalarni ham ochiq bayon etdi.
Sayyor qabulda vazir har bir murojaatni e’tibor bilan tinglab, tegishli rahbarlarga muammolarga befarq bo‘lmaslik, ularni hal qilish va har bir murojaatga individual yondashish zarurligini belgilab berdi.
Zero, qishloq xo‘jaligi sohasidagi bugungi sa’y-harakatlar ertangi farovonlikning poydevorini yaratmoqda. Bu yo‘ldagi har bir qaror, tashabbus va mehnat esa xalqimizning barqaror hayot darajasi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.