Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sohalarga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari vaqtida o‘zlashtirilmaganining sababi nimada?
20:24 / 2025-12-15

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida dastlab Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil 9 oyi davomidagi ijrosi muhokama qilindi.

Mazkur hisobot haqida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov batafsil ma’lumot berdi.  

Byudjet hisobotida aytilishicha, 2025 yilning 9 oyida yalpi ichki mahsulot 7,6 foizga o‘cgan. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 125,5 trln. so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,6 trln. so‘mga ko‘p mablag‘ ajratilgan.

Qayd etilganidek, hisobot davrida 455 ta maktabda ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, buning uchun davlat byudjetidan 2 trilliondan ortiq mablag‘ ajratilgan. 95 ta tibbiyot muassasalarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Aholini suv bilan ta’minlash, mahallalarni obodonlashtirish maqsadlariga hamda kommunal va yo‘l xo‘jaligi tizimiga mablag‘lar ajratilib, muayyan ishlar bajarilgan.  

Muhokamalarda fraksiya a’zolari byudjet ijrosida samaradorlikni oshirish, mablag‘lardan maqsadli foydalanish, shuningdek, yo‘naltirilgan byudjet mablag‘larini o‘z vaqtida o‘zlashtirish masalalarida bir qator savollarni ko‘tardi.  

Xususan, deputat Narimon Umarov bir qator yo‘nalishlarga ajratilgan byudjet mablag‘lari vazirlik va idoralar tomonidan o‘z vaqtida o‘zlashtirilmaganiga izoh so‘radi. Deputatning aytishicha, onkologik kasalliklar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larning 67 foizi, madaniy merosni saqlash uchun ajratilgan mablag‘larning 78 foizi, muzeylar faoliyati uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larning 47 foizi, Sport vazirligiga ajratilgan mablag‘larning 13 foizi, Energetika vazirligiga yo‘naltirilgan mablag‘larning 63,8 foizi o‘zlashtirilgan xolos. Deputat to‘qqiz oy davomida nega buncha kam mablag‘lar o‘zlashtirilganining sababi bilan qiziqdi.  

Bunga javoban iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ayrim hollarda sohalardagi ehtiyojlarni aniqlash, rejalashtirishda muammolar borligini, bu borada raqamlashtirish jarayoni amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, yil davomida qo‘shimcha topshiriqlardan kelib chiqib, sohalarga qo‘shimcha mablag‘lar ajratilayotganini aytib o‘tdi.  

Fraksiya a’zolari yana bir qator savollarni o‘rtaga tashlab, tegishli javoblar oldi.  

Yig‘ilishda bir qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA