English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sohadagi yutuq va muammolar muhokama etildi
19:55 / 2021-06-11

Andijonda O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar hamda matbaa korxonalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

bugungi kunda Andijon viloyatida 30 ga yaqin ommaviy axborot vositalari, jumladan, 24 ta bosma ommaviy axborot vositasi, shundan 18 tasi davlat, 6 tasi tarmoq va xususiy nashrlar, viloyat teleradiokompaniyasi, 1 ta nodavlat radiokanali, shuningdek, 38 ta matbaa korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Uchrashuvda ayni kunda ommaviy axborot vositalarini qanday muammolar qiynamoqda? Nima uchun qator bosma nashrlar o‘z faoliyatini to‘xtatdi, aksariyat nashrlar esa hafta yoki oyda bir martagina nashr etilmoqda? Nashrlarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, jurnalist daxlsizligi, obuna, soliqlar, sohani yosh, malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalari, shuningdek, tahririyatlarning pochta, matbuot uyushmasi bilan munosabatlari borasidagi muammolar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Prezidentimiz turli chiqishlarida yosh avlod tarbiyasi, mamlakat taraqqiyotiga erishishda eng avvalo, ilm va bilimga suyanish haqida juda ko‘p bor ta’kidlagan, – deydi «Qishloq hayoti» gazetasining Andijon viloyati muxbiri Qobiljon Asqarov. 

– Ming afsuski, yurtdoshlarimizga ilm, bilim ulashadigan, ma’naviyatimizni yuksaltirishga ko‘mak beradigan bosma nashrlarning bugungi qiyin holatiga nashrlar muassisi bo‘lgan tuman, shahar, viloyat hokimliklari, OAVlarini qo‘llab-quvvatlashga mas’ul mutasaddi tashkilotlar yetarli e’tibor qaratmayapti. Ana shundan kelib chiqib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi iqtisodiy jihatdan qiyin bir sharoitda qolgan bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq va tizimli ishlarga bosh-qosh bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Xo‘jaobod tumani «Haqiqat», Baliqchi tumani «G‘alaba» gazetalari muharrirlari Tolibjon Shermatov, Shahzodaxon Karimova tahririyatlarning mulkchilik shakli o‘zgarishi, soliq to‘lovlari bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar, tahririyatlarni mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, xususan, bosma nashrlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, soha ishini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, muammolarni bartaraf etish yuzasidan hukumat, mutasaddi idoralarga tegishli takliflar kiritilishi aytib o‘tildi.

Ochiq-oshkora, muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Asadjon Xodjayev ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining Andijon viloyatiga safari doirasida viloyatda faoliyat yuritayotgan blogerlar, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari raislari, axborot xizmati rahbarlari, hokimlik va davlat tashkilotlari axborot xizmati mas’ullari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazishi belgilangan.

F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA