Buxoroda “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda o‘zlarining mashaqqatli va fidokorona mehnatlari bilan viloyat ahlining farovon hayoti yo‘lida xizmat qilayotgan, yurtimizda sohani rivojiga hissa qo‘shayotgan qishloq xo‘jaligi fidoyilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat hokimi Botir Zaripov ochib, soha vakillarini qishloq xo‘jalik xodimlarini erishgan muvaffaqiyatlari, sohadagi yutuqlari bilan qizg‘in tabrikladi. Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-ne’mat undirib, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bog‘bon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, soha faxriylariga o‘zining hurmat-ehtiromini va ezgu tilaklarini bildirdi.

Joriy yilda viloyatda 525 ming tonna don, 402 ming tonnadan ortiq paxta, 1,3 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 570 ming tonna meva va uzum, 280 ming tonna kartoshka, 330 ming tonnadan ko‘p go‘sht va 1,2 million tonnadan ziyod sut, 3,2 ming tonna pilla yetishtirildi.
Sohaga ilg‘or agrotexnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari keng joriy etilayotgani ijobiy natija bermoqda. Bu yil 31 ming gektar maydonda kasallik va zararkunandalarga chidamli serhosil g‘o‘za navlari ekilib, ulardan mo‘l hosil yetishtirilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. G‘allachilikda resurs tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash natijasida o‘rtacha hosildorlik 80 sentnerga yetkazildi.

Viloyatda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 20 ming gektar yer maydonlari 80 ming nafardan ortiq ijtimoiy muhtoj aholi hamda yoshlarga bo‘lib berilgani va 100 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgani qishloqda bandlikni ta’minlash, haqiqiy daromadlarni oshirish, kambag‘allikni qisqartirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Tomorqachilikda daromadni oshirish maqsadida 117 ta mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirildi. Chorva naslini yaxshilash va mahsulot hajmini ko‘paytirish uchun aholiga 14 ming bosh qoramol, 23 ming bosh qo‘y va echki yetkazib berildi, chetdan 14 ming bosh zotdor mollar olib kelindi.


Hosil bayramida agrar sohada fidoyilik namunasini ko‘rsatayotgan bir guruh soha vakillariga “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoiysi”, “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi”, “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi”, “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishonlari tantanali tarzda topshirildi. “Buxara Varnet” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi ta’sischisi Xurshit Ilyasga “Faxriy fuqaro” maqomi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etildi.

Shuningdek, fidokorona mehnatlari bilan soha rivojiga hissa qo‘shgan faxriylarga hamda mavsum davomida jonbozlik ko‘rsatgan mas’ullarga viloyat hokimligining tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbir san’at ustalari, taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/wfMOUfeihMI?si=LSpG5Vt7W9axpAAM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, O‘zA