Yurtimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida “Tibbiyot xodimlari kuni” keng nishonlanadi. Bu sana tibbiyot tizimida fidokorona mehnat qilayotgan minglab shifokor va hamshiralarning jamiyat oldidagi xizmatlariga yuksak e’tirofdir.
Prezidentning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, bir qator tibbiyot fidoyilari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida sirdaryolik shifokor va hamshiralar ham borligi soha xodimlariga katta g‘urur va ilhom bag‘ishladi.

Sirdaryo viloyat hokimligida davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lida fidoyilik namunasini ko‘rsatayotgan, tibbiyot tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan soha vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov tibbiyot xodimlarini bayram bilan tabriklab, ularning inson hayotini asrash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.
– Mamlakatimizda sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonlarda har bir tibbiyot xodimining hissasi beqiyos, – dedi Erkinjon Turdimov.

Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlar orasida, Sayxunobod tumani 21-oilaviy poliklinikasi patronaj doyasi Risolat Gulamova — I darajali “Salomatlik” ordeni, Respublika tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo filiali haydovchisi Sulaymon Yusupov — “Do‘stlik” ordeni, Sardoba tumani 26-oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi Sanobar Kambarova — “Sog‘lom turmush” medali, Guliston tibbiyot klasteri nefrologiya-gemodializ bo‘limi shifokori Sherzod Tashmamatov — “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlar sohaga qaratilgan e’tibor va rag‘batdan minnatdorlik izhor etishdi.

– Davlatimiz rahbarining yuksak e’tibori sabab, “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldim. Bu menga va hamkasblarimga katta mas’uliyat hamda yangi maqsadlar sari intilish uchun kuch bag‘ishladi, – deydi Guliston tibbiyot klasteri shifokori Sherzod Tashmamatov. – So‘nggi yillarda yurtimizda tibbiy islohotlar samarasida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari Sirdaryoda ham yo‘lga qo‘yildi. Ilgari bu ishlar poytaxt yoki xorijda bajarilgan bo‘lsa, endilikda mahalliy shifokorlar ham bu yo‘nalishda faol ishlayapti.
Marosim soha fidoyilariga nisbatan izzat-hurmat va e’tirof ifodasi bo‘ldi. Shuningdek, tadbir davomida tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri