Nurafshon shahrida “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qilib, hudud iqtisodiyoti, jamiyat farovonligiga hissa qo‘shayotgan agrar soha mutaxassislari, faxriylar, mirishkorlar, fermer va dehqonlar, klaster egalari, barcha tuman-shahar mutasaddi rahbarlari qatnashdi.
Dastlab Vatanparvar bog‘i yonidagi Nurafshon shahri markazidagi “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi poyiga gul qo‘yildi. Shundan so‘ng barcha ishtirokchilar tadbir o‘tkaziladigan asosiy joyga yetib keldi. Bu yerdagi maxsus pavilonda mehmonlar qishloq xo‘jaligi sohasining yutuqlari, mahalliy yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari hamda ilg‘or agrotexnologiyalarni o‘z ichiga olgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Esdalik uchun fotosuratlarga tushdi. Yozilgan to‘kin dasturxon atrofida barcha jam bo‘ldi.

Tadbirning tantanali ochilishida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning jamoatchilikka yo‘llagan Murojaati eshittirildi. Unda barcha fidoyi soha xodimlarini bayram bilan qutlab, qishloq xo‘jaligi jonkuyarlarining mashaqqatli mehnatini alohida e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, yakunlanayotgan 2025 yil viloyat qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishildi. Xususan, el-yurt xirmoniga 206 ming tonna paxta, 828 ming tonna don yetkazib berildi. 71 nafar fermer paxta hosildorligini 60 sentnerdan, 130 nafarga yaqin fermer esa g‘alla hosildorligini 100 sentnerdan oshirgani quvonarlidir. Pillachilikda 32 ming quti hisobidan 2 ming 42 tonna pilla yetishtirilib, eksport hajmi 17 million dollarga yetdi. Bu esa sohada 88 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilishiga ham zamin yaratdi.

Sabzavotchilik, bog‘dorchilik va polizchilikda ham barqaror o‘sish kuzatildi. Joriy yilda 1,2 million tonna sabzavot, 120 ming tonna poliz, 165 ming tonna dukkakli ekinlar, 135 ming tonna uzum hamda 260 ming tonna meva va ziravorlar yetishtirildi. Chorvachilikda 841 ming tonna sut, 260 ming tonna go‘sht, 1,1 milliard dona tuxum tayyorlandi. Yerdan samarali foydalanish maqsadida g‘alladan 80 ming gektar yerda takroriy hosil olindi. Shu bilan birga, 4,1 ming gektar yangi yer o‘zlashtirildi.

Bayram tadbirida joriy yil yuqori hosil olib, barakali xirmon ko‘targan usta mirishkorlar, ilg‘or fermerlar, agronom, mexanizator, suvchi, eksportchi va soha mutaxassislari, qolaversa, qishloq xo‘jaligi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan boshqa soha faollarini turli nominatsiyalar bilan taqdirlandi.


Qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun maxsus videorolik namoyish etildi. El suygan san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar hamda viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan tayyorlangan badiiy dastur tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Yakunda Nurafshon shahridagi markaziy archa bezalgan maydonda soha zahmatkashlari sharafiga bayram salyuti uyushtirildi.
A.Musayev, O‘zA.