Prezidentimizning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh tibbiyot xodimlari orden va medallar bilan taqdirlandi.
Ular orasida buxoroliklarning ham borligi soha xodimlariga kuch va shijoat bag‘ishladi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida ushbu mukofotlarni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat rahbari o‘z hayotini inson salomatligini asrashdek olijanob ishga bag‘ishlab kelayotgan fidoyi shifokor va hamshiralarni, soha faxriylarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari sog‘liqni saqlash rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Romitan tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Mamlakat Rajabovaga “Sog‘lom turmush”, “Buxoro dori-darmon” mas’uliyati cheklangan jamiyatning 1-markaziy dorixonasi bo‘lim boshlig‘i Mavlud Qurbonovaga “Shuhrat” medalini tantanali ravishda topshirdi.

– Davlatimiz rahbarining e’tibori menga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Aholi salomatligi yo‘lida izlanishdan, xizmat qilishdan aslo to‘xtamayman. Tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholini tibbiyotga emas, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish yo‘lida o‘z hissamni qo‘shishda davom etaman, – deydi “Sog‘lom turmush” medali sohibi, Romitan tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Mamlakat Rajabova.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.