Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soha fidoyilari mehnati e’tirof etildi
17:48 / 2025-04-19

Navoiy shahridagi “Farovon” tantanalar majmuasida 18 aprel – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, sohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, tizim xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.  

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyatdagi 2072 ta ko‘p kvartirali uylarga 66 ta boshqaruv servis kompaniyasi, 5 ta uy-joy mulkdorlari shirkati, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi hamda Navoiy shahar uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi tomonidan kommunal xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Tizimdagi korxona va tashkilotlarda esa 1100 nafardan ortiq muhandis-texnik xodim, chilangar, mexanik, operator, ishchi va boshqa malakali mutaxassislar mehnat qilmoqda.  

Barcha boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlarida 24/7 rejimida faoliyat olib boradigan avariya-dispetcherlik xizmatlari tashkil etilgan.

Tadbirda sohada uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib, boshqalarga namuna bo‘layotgan bir guruh xodimlarga “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni, viloyat hokimligi va boshqarmaning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri