Bugun Toshkent shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi boshlandi. Haftalik doirasida Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi barcha milliy maqsadlar bo‘yicha turkum davra suhbatlari o‘tkaziladi.
Shundan kelib chiqib,Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga ko‘maklashish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Barqaror rivojlanish sohasidagi 3-maqsad sifatida “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga ko‘maklashish” belgilangan. Ushbu maqsadning o‘zi 10 ta dolzarb yo‘nalishni qamrab olgan. Xususan, 2030 yilga borib onalar o‘limi ko‘rsatkichini uchdan bir baravarga tushirish, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va besh yoshgacha bo‘lgan go‘daklarning nobud bo‘lishini ikki barobarga kamaytirish, virusli gepatit va bir qator boshqa kasalliklarni bartaraf etish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.
[gallery-2738]
Davra suhbatida mavzuga oid masalalarda xorij tajribalari va erishilgan yutuqlar haqida batafsil axborotlar eshitildi. Tadbirda O‘zbekistonda onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga ko‘proq urg‘u berildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan ikki yil davomida sohaga oid 5 ta normativ hujjat qabul qilindi hamda ijrosi nazoratga olindi. bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida ayollarning umumiy soni 16,8 million nafardan ortiq bo‘lib, ulardan tug‘ish yoshidagilari 8,9 million nafarni – umumiy aholi sonining 26,9 foizini tashkil qiladi. Ularga 227 ta tug‘ruq muassasasi tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Shuningdek, go‘daklar orasida nogironlikni erta aniqlash, ularning oldini olish, fertil yoshdagi ayollar va qizlar salomatligini yaxshilash maqsadida Respublika, viloyat miqyosida neonatal xirurgiya, bolalar kardiojarrohligi, qizlar ginekologiyasi hamda kaminvaziv (laparoskopik) ginekologiya hamda Bolalar milliy tibbiyot markazi bo‘limlari tashkil etildi.
Birgina misol, 2016 yilda 300 nafar bolada kardiojarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bo‘lsa, 2020 yil yakunida ushbu ko‘rsatkich 2 ming 800 nafarni tashkil etdi. Bu esa, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasidir.
Nurillo Nasriyev, O‘zA