Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Sevara Faxrutdinova va markazning Samarqand filiali bosh shifokori Gulzoda Negmatova Samarqand viloyati tumanlarida bo‘lib, tibbiyot xodimlari va aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
– Bu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – davlatimiz rahbarining yaqinda tibbiyot sohasi vakillari bilan o‘tkazilishi kutilayotgan ochiq muloqoti oldidan hamkasblarimiz bilan fikr almashish, ularning taklif va muammolarini eshitish hamda 2022 yil 26 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Endokrinologiya xizmatini yanada takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaror mohiyatini tushuntirish edi, – deydi G.Negmatova. – Uch kun davomida Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo, Ishtixon, Pastdarg‘om tumanlaridagi tibbiyot muassasalari xodimlaridan o‘nlab takliflar oldik.
Aholini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaatlarni eshitib, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining endokrinologiya xizmatini yanada takomillashtirishga oid qarorida ko‘zda tutilgan yangiliklar, sog‘liqni saqlashning birinchi bo‘g‘inida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va asoratlarining oldini olishda respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan ishlab chiqilgan algoritmlarni qo‘llashning samaradorligi va qulayligi haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, endilikda tuman tibbiyot birlashmalaridagi “Profilaktika maktablari” da bemorlar va ularning oila a’zolariga endokrin kasallikni boshqarish usullari hamda kasallik bilan yashash o‘rgatiladi. Qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringi yuritiladi. Patronaj hamshiralari va oilaviy shifokorlar uchun endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash bo‘yicha ikki haftalik, endokrinolog shifokorlarni qayta tayyorlash uchun uch yarim oylik o‘quv kurslari tashkil etiladi. 40 yoshdan oshgan aholi har yili qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkaziladi. Buning uchun tibbiyot brigadalari zarur glyukometr va bir martalik test yaproqchalari hamda ignalari bilan ta’minlanmoqda.
Eng muhimi, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollik har qanday kasallik, jumladan, endokrin kasalliklarning oldini olishning asosiy sharti ekanligi tushuntirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA