Kartel – bu bozorda raqobatni cheklashga qaratilgan yashirin kelishuv bo‘lib, u iste’molchilar uchun sun’iy ravishda oshirilgan narx, sifatsiz mahsulot va sog‘lom raqobat muhitining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois, u dunyodagi eng og‘ir iqtisodiy huquqbuzarliklardan biri sifatida ham baholanadi.
Namangan viloyatida Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan kartellarga qarshi kurashda javobgarlikni yumshatish dasturini (Leniency Programme) joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi va dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda xalqaro ekspertlar va Farg‘ona vodiysi viloyatlari hududiy organlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda AQSH, Buyuk Britaniya va Koreya Respublikasi tajribalari o‘rganilib, milliy sharoitga mos yechimlarni ishlab chiqishga doir amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Seminarni O‘zbekistonda Leniency dasturini ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanayotgan xalqaro ekspert Liya Grauberger olib bordi. Bu tajribalar “Leniency” dasturlari izchil amalga oshirilganda va milliy sharoitga moslashtirilganda qanchalik samarali ekanini namoyish qildi. Xalqaro amaliyotda “Leniency” dasturi kartellarga qarshi eng samarali vosita sifatida tan olingan, chunki, u kelishuv ishtirokchilari o‘rtasidagi ishonchni yo‘q qiladi va ularning o‘zini himoya qilishga bo‘lgan intilishini qonunbuzarliklarni fosh etish hamda bartaraf etishga xizmat qiluvchi asosiy omilga aylantiradi.

Tadbir ishtirokchilari interaktiv amaliy mashg‘ulotda qatnashib, O‘zbekiston uchun “Leniency” dasturini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorladi. Kartellarga qarshi kurashishda xalqaro tajriba muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, uning samaradorligi milliy qonunchilik va mahalliy sharoitga moslashtirilganda yuzaga chiqadi.
“Leniency Programme” dasturini O‘zbekiston sharoitida joriy etish nafaqat bozorda sog‘lom raqobatni ta’minlaydi, balki iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda ham muhim vositaga aylanadi.
Nigora Rahmonova,O‘zA.